07:54 / 10.10.2020
6441

«Sud ajrimi ustidan shikoyat kiritilgan». Bojxona qo‘mitasi Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasi sud ushbu ajrimi ustidan viloyat ma'muriy sudiga xususiy tartibda apellyatsiya shikoyatini kiritgan.

Joriy yilning 8 oktabr kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan “Bojxonachilarga sud qarorlari majburiy emasmi? Tadbirkor 1 yildan beri sarson” nomli material yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi munosabat bildirdi.

“Fuqarolar I.Isakov va M.Jumabayevlar nomiga 2019 yilning 30 sentabr kuni chetdan olib kirilgan yuk mashinasi shatagi va yarim tirkamaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 29 martdagi PF-5388-son Farmonida nazarda tutilgan bojxona imtiyozlari (mazkur imtiyozlar 2019 yil 1 oktyabrgacha amal qilishi belgilangan) qo‘llanilmagani sababli sudga da'vo arizasi kiritilgan.

Xo‘sh, mazkur transport vositalariga nisbatan bojxona imtiyozlari nima uchun qo‘llanilmagan?

Maqolada keltirilganidek, fuqarolar I.Isakov va M.Jumabayevlar nomiga keltirilgan yuk mashinasi shatagi va yarim tirkama 2019 yil 30 sentabr kuni tungi soat 22:14da Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “S.Nadjimov” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan va soat 23:39da transport vositasi bo‘yicha dastlabki bojxona deklaratsiyasi elektron shaklda to‘ldirilib, bojxona organlariga taqdim etilgan va avtomatik ravishda ro‘yxatga olingan.

Mazkur transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilishi belgilangan Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) bojxona posti xodimlari esa 2019 yil 2 oktabr kuni mazkur dastlabki bojxona deklaratsiyalarini bekor qilish bo‘yicha dalolatnoma tuzishadi.

Dalolatnomani tuzishga sabab bo‘lgan eng muhim omillardan biri –qonun hujjatlariga muvofiq dastlabki bojxona deklaratsiyasi tovarlar bojxona hududiga amalda yetib kelguniga qadar taqdim qilinishi lozim edi. Yuk egalari esa transport vositalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga kirib kelib bo‘lganidan so‘ng dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim qilishgan.

Tabiiyki, qonun hujjatlari talablariga zid ravishda yuborilgan va mazkur holatda ushbu dastlabki bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish uchun huquqiy asos mavjud emasligi sababli deklaratsiya rasmiylashtirilmaydi va bekor qilinadi.

Izoh: Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 262-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013 yil 30 yanvarda 2418-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda keltirib o‘tilgan.

Fuqarolar I.Isakov va M.Jumabayevlarning da'vosi yuzasidan Farg‘ona shahar ma'muriy sudining 2020 yil 12 maydagi hal qiluv qarori va Farg‘ona viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining

2020 yil 16 iyundagi qarorida ro‘yxatga olingan dastlabki deklaratsiyani bekor qilish harakatlari qonunga xilof deb topiladi va ro‘yxatga olingan dastlabki deklaratsiyani qayta rasmiylashtirish majburiyati yuklatiladi.

O‘z o‘rnida “Vodiy” TIF bojxona posti tomonidan sudning mazkur qarori ijrosi ta'minlanadi. Ya'ni, muqaddam bekor qilingan dastlabki bojxona deklaratsiyalari axborot tizimida qayta tiklanib, “ro‘yxatga olinib, rasmiylashtirilmagan” maqomiga qaytariladi.

Sud qaroriga asosan yuklatilgan majburiyatning ikkinchi qismini ijrosini ta'minlash imkoniyati yo‘q. Chunki rasmiylashtirilmagan bojxona deklaratsiyasini qayta rasmiylashtirib bo‘lmaydi. 

Izoh: Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 iyuldagi “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda deklaratsiyalash tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 605-son qaroriga muvofiq elektron ravishda taqdim etilgan bojxona deklaratsiyasi bojxona organlari axborot tizimlarida avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olingan deklaratsiya tekshirilib, xato-kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda bojxona organi xodimi bojxona rasmiylashtiruvini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi. Shundan so‘ng bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan hisoblanadi. Sud qarorida esa bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilmagan dastlabki deklaratsiyani qayta rasmiylashtirish majburiyati noto‘g‘ri yuklatilgan.

Qayta tiklangan dastlabki bojxona deklaratsiyalari esa belgilangan talablarga zid ravishda yuborilgan bo‘lib, bu haqida 2020 yilning 8 sentabr kuni axborot tizimidagi “TIF ishtirokchisi bilan aloqa” dasturi orqali deklaratsiya taqdim etgan shaxslarga xabarnoma yuboriladi. Xabarnomada dastlabki bojxona deklaratsiyasi talablarga zid ravishda yuborilgani bois 3 ish kunida yangi bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilishi lozimligi, aks holda taqdim qilingan dastlabki deklaratsiyalar bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.

Fuqarolar I.Isakov va M.Jumabayevlar 2020 yil 10 sentabr kuni yangi bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim qilish o‘rniga qayta tiklangan dastlabki bojxona deklaratsiyalari uchun to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasini elektron ravishda taqdim qilishadi. Ammo dastlabki bojxona deklaratsiyasining o‘zi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda, ya'ni tovarlar amalda O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirib kelgandan so‘ng taqdim etilgani tufayli rasmiylashtirilmagani sababli ular uchun to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasining taqdim etilishi mumkin emas edi.

Shuningdek, dastlabki bojxona deklaratsiyasi (PR-40) dasturda “ro‘yxatga olinib, rasmiylashtirilmagan BYuD” maqomida ekanligi, boz ustiga Bojxona Kodeksi hamda Nizomda belgilangan talablarga zid ravishda yuborilgani sababli qayta rasmiylashtirishning huquqiy asosi mavjud emas.

Shu tariqa yuk egalari transport vositalariga nisbatan yangi bojxona yuk deklaratsiyasini 3 ish kuni davomida taqdim etishmagani tufayli “Vodiy” TIF bojxona posti xodimlari 2020 yilning 12 sentabr kuni yuk egalari tomonidan 2019 yilning 30 sentyabrida taqdim qilingan dastlabki bojxona deklaratsiyalarini qayta bekor qilish yuzasidan yana dalolatnoma tuzishadi.

Fuqarolar I.Isakov va M.Jumabayevlar tomonidan esa mazkur holatga e'tiroz bildirilib, ushbu transport vositasini Farg‘ona shahar ma'muriy sudining qaroriga asosan imtiyozli ravishda rasmiylashtirib berishni talab qilganlari sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroriga oydinlik kiritish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan Farg‘ona shahar ma'muriy sudiga hal qiluv qarorining qaror qismiga to‘liq tushuntirishlar berish yuzasidan murojaat qilindi.

Farg‘ona shahar ma'muriy sudining 2020 yil 19 sentyabrdagi “Sudning hal qiluv qaroriga tushuntirish berish to‘g‘risida”gi ajrimida ushbu transport vositasini bojxona organlari tomonidan imtiyozli tartibda deklaratsiyalash lozimligi tushuntirilgan va 20 kun muddatda belgilangan tartibda shikoyat va protest kiritilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasi sudning ushbu ajrimi ustidan 2020 yilning 3 oktabr kuni viloyat ma'muriy sudiga xususiy tartibda apellyatsiya shikoyatini kiritdi.

Hozirda apellyatsiya shikoyati sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e'lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini ma'lum qiladi”, deyiladi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotda.

Mavzuga oid
Top