12:53 / 10.10.2020
38877
«Uchuvchi mas'uliyatli bo‘lishi, kasbini sevishi kerak» - 17 yil Islom Karimovning uchuvchisi bo‘lgan Erkin Gulyamov bilan suhbat

Bugungi suhbatdoshimiz – 43 yil davomida minglab insonlarni samolyotda o‘z manzillariga sog‘-omon eltib qo‘ygan, 17 yil davomida marhum Islom Karimovning uchuvchisi bo‘lgan Erkin Gulyamov. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aviatsiya xodimi suhbatimiz davomida uchuvchilik kasbi, uning mashaqqatlari, marhum prezident bilan bo‘lgan qiziqarli voqealar haqida so‘zlab berdi.

Erkin Gulyamov hozirda Toshkent davlat transport universitetida o‘quvchilarga dars berib kelmoqda.

Shu o‘rinda sohaga oid bir yangilikni aytib o‘tmoqchimiz. Toshkent davlat transport universiteti Yevropada aviatsiya sohasidagi eng yirik o‘quv yurti hisoblangan Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de lʼaviation civile) bilan memorandum imzoladi.

Ushbu hamkorlik yurtimizga aviatsiya texnikasidan foydalanish sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish hamda uchuvchilar tayyorlashni qayta tiklash imkoniyatini beradi. Natijada kelgusida Toshkent davlat transport universiteti Markaziy Osiyo davlatlariga uchuvchi va aviatsiya sohasida mutaxassislar yetkazib beruvchi yagona ta'lim muassasasiga aylanadi.

Uchuvchilar sulolasi

– Toshkentda tug‘ilganman. Shu yerdagi 119-maktabni a'lo baholarga bitirganman. 1973 yilda Rossiyadagi aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirganman.

Oilamizda mendan oldingilar ham, hozir ham ko‘pchilik aviatsiya sohasida faoliyat olib borishmoqda.

«Boing-757 samolyotini Texasda sinovdan o‘tkazdim»

– Birinchi prezidentimiz Islom Karimov uchun sotib olingan Boing-757 rusumli samolyotni AQShning Texas shtatida sinovdan o‘tkazganman.

Mustaqillikdan so‘ng g‘arb samolyotlariga bo‘lgan e'tibor kuchaydi. Buning sababi – bu samolyotlar tejamkor, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, boshqaruvi juda oson hamda xavfsizdir. G‘arb samolyotlarini boshqarishni o‘rganishimiz uchun bizni Germaniyaning Frankfurt va Berlin shaharlarida o‘quv-mashg‘ulotlariga yuborishdi.

1994 yildan sekin-sekin o‘z uchuvchilarimizni o‘zimiz o‘qita boshladik.

«Putinning samolyoti qo‘na olmagan vaziyatda biz samolyotimizni qo‘ndirganmiz»

– O‘zbekiston aviatsiyasi SSSR davrida ham Moskvadan keyingi o‘rinni olgan. Minsk shahrida MDH davlatlari rahbarlarining yig‘ilishlari o‘tkazilar edi. Shunday yig‘ilishlarning birida havo tuman bo‘lgani bois Rossiya prezidentining samolyoti aeroportga qo‘nolmagan edi. Lekin biz buni uddaladik. Shundan so‘ng ko‘pchilik Islom Abdug‘aniyevichga Putinning uchuvchilari eplolmagan narsani sizning bolalaringiz eplashdi, deb aytishgan.

Tumanda qo‘nish uchun samolyot texnik jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ekipaj a'zolarining guvohnomasida tumanda qo‘nishga ruxsatnomasi bo‘lishi kerak.

Murakkab qo‘nishdan keyingi e'tirof

– Yaponiyadan qaytayotganimizda Toshkentda kamyob sanaluvchi ob-havoga duch keldik. Momaqaldiroq va shamol kuchli edi. O‘sha vaziyatda samolyotni qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lganimizda marhum prezidentimiz yonimizga kelib qo‘l berib: «Qiyin bo‘ldi-a, bolalar», deb aytgandi.

Bu sohada ishlagan inson o‘z kasbini sevishi kerak. Qolaversa mas'uliyatni his qila olishi kerak. Sababi, birinchidan, bu apparatlar juda qimmat, insonlarni hayoti undan-da qiymatli.

Suhbatni to‘liq Kun.uz'ning YouTube kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.

Top