13:51 / 11.10.2020
7499
AQSh-2020: Saylovga qanday tashqi aralashuvlar bo‘lishi mumkin?

2016 yil AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari kun tartibiga Rossiyaning ushbu saylovlarga ta'sir o‘tkazgani – aralashgani bilan bog‘liq da'volar ham kiritilgan, natijada Donald Tramp uzoq vaqt mobaynida ushbu da'volarning diqqat markazida bo‘lib turgandi.    

Foto: Reuters

Bu gal yuqori lavozimli amaldorlar tashqi kuchlar, xususan, Rossiya, Xitoy va Eron Amerika saylovchilarining qarorlariga ta'sir o‘tkazish uchun turli ochiq va yashirin vositalardan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda.

Amerika razvedka agentliklari ushbu uch mamlakatning har biri alohida-alohida maqsadlarga va turli imkoniyatlarga egaligini, shu bois ularni alohida ko‘rib chiqish lozimligini ta'kidlamoqda.

Boshqa tomondan, bunday razvedka baholariga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.

Masalan, yaqinda bir razvedka xodimi o‘z hisobotida undan «bu prezident Trampning obro‘siga putur yetkazishi mumkin» degan asos bilan Rossiya tomoni tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavfni «bo‘rttirmaslik» kerakligi so‘ralganini aytdi.          

Xo‘sh, amerikalik saylovchilar «tashqi ta'sir» haqida gap ketganda nimalarga e'tibor qaratishi kerak?

Rossiya nimani xohlaydi?
Rossiya 2016 yilgi AQSh saylovlari kun tartibiga o‘ziga xos tarzda «tamg‘a» urgandi.

AQSh razvedkasi Rossiya ovozlar Donald Tramp foydasiga berilishi uchun harakat qilgan, degan fikrda. Mazkur masalada u Tramp jamoasi va Rossiya rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuvlar, Trampning raqibi Hillari Klintonning ushbu saylovdagi kampaniyasi, saylovchilarning ma'lumotlar bazasiga qilingan kiberhujumlar, shuningdek, soxta materiallarga e'tibor qaratadi.

O‘tgan oy Senatdagi respublikachilar hay'ati Rossiya Trampning g‘alaba qozonishini istaydi, degan qarashni qo‘llab-quvvatladi. Hay'at Trampning 2016 yilgi kampaniyasi xorijiy kuchlar tomonidan manipulyatsiya uchun oson nishon bo‘lgan, degan xulosaga keldi. Biroq hay'at Tramp Rossiya bilan ham jinoiy hamkorlikda bo‘lishi mumkinligi haqidagi iddaoga izoh berishdan qochdi.

2020 yilga kelib, Jo Bayden Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida Hillari Klintonning o‘rnini egalladi.

AQSh milliy kontrrazvedka va xavfsizlik markazi (NCSC) rahbari Uilyam Yevanina jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan hisobotida «Rossiya Baydenni obro‘sizlantirishga qaratilgan bir qator tadbirlarni amalga oshirgani»ni aytdi.

Amerika Federal qidiruv byurosi (FBI) rahbari Kristofer Rey Rossiya AQSh siyosatiga aralashishni hech qachon to‘xtatmagani, 2018 yilgi Kongressning oraliq saylovlari Rossiya uchun «2020 yilda bo‘lib o‘tadigan katta shou oldidan mashq» bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Rossiya boshqa davlatlarning saylovlariga aralashgani haqidagi ayblovlarni doimiy ravishda rad etib keladi. Yil boshida Kreml vakili bu ayblovlarni «haqiqat bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan paranoik bayonotlar» deb ta'riflagan edi.

Rossiya Trampning yana bir bor prezident etib saylanishini xohlash-xohlamasligidan qat'i nazar, sharhlovchilar tomonidan tez-tez tilga olinadigan fikr shuki, Moskva o‘zining tashqi siyosatida raqobatchi mamlakatlarda beqaror va chalkash muhit yaratishni maqsad qilgan.

Masalan, bu yil Yevropa Ittifoqiga tegishli bir hujjatda Rossiya koronavirus haqidagi soxta yangiliklarga alohida urg‘u bergani haqidagi da'volar ilgari surildi. Rossiya esa ushbu ayblovlar asossizligini aytdi.

Foto: Reuters

Nomzodlar Rossiya haqida nima demoqda?
Yaqinda Jo Bayden Rossiyani «AQShning raqibi» deb ta'rifladi va bu davlat aralashuvlari uchun kun kelib «o‘ziga xos badal to‘lanishi»ni ma'lum qildi.

Prezident Tramp esa aksariyat hollarda Rossiyaning aralashuvi haqidagi ayblovlarni rad etadigan bayonotlar beradi. Bu esa uni o‘z rahbarligi ostida ishlaydigan razvedka mutaxassislari va tashkilotlari bilan ziddiyatga qo‘yadi.

2018 yil Vladimir Putin bilan uchrashuvidan so‘ng «AQSh razvedka idoralariga ishonasizmi yoki Rossiya prezidentiga?» degan savolga Tramp «Prezident Putin Rossiya bunday ish qilmadi, deyapti. Nimaga ham qilsin? Men bir sabab ko‘rmayapman», degandi. Keyinchalik esa u o‘zining yanglishganini ham aytib chiqdi.

Xitoyning maqsadi nima?
Tramp ma'muriyati rahbarlari bu yilgi saylovlarda eng katta tahlika Rossiya emas, balki Xitoy ekanligini ta'kidlashmoqda.

«Men razvedka ma'lumotlari bilan tanishdim va shunday xulosaga keldim», dedi AQSh adliya vaziri - bosh prokuror Uilyam Barr. Vakillar Palatasi razvedka qo‘mitasining demokrat raisi Adam Shiff esa Barrning so‘zlarini «ochiq yolg‘on» deb ta'rifladi.

NCSC (National Cyber Security Centre – Milliy kiberxavfsizlik markazi) prezidenti Uilyam Yevaninaning ta'kidlashicha, Xitoy Trampni nima qilishini bilib bo‘lmaydigan odam sifatida ko‘radi va bu davlat uchun Tramp saylovda g‘olib chiqmagani ma'qul.

«Xitoy AQShdagi siyosiy iqlimni shakllantirishda o‘z ta'sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Siyosiy arboblarga va Xitoy manfaatlariga zid bo‘lgan tanqidlarga bosim o‘tkazmoqda», deydi Yevanina.

Xitoyda jamoatchilik fikriga ta'sir o‘tkazish maqsadida ishlatilishi mumkin bo‘lgan murakkab vositalar va usullar mavjud, ammo bunga erishish uchun qancha vaqt ketishi noma'lum.

«Xitoy ortiqcha aralashuvning xavf-xatarlari va foydali tomonlarini o‘lchab ko‘rishda davom etadi», deydi Yevanina.

Xitoyning asosiy maqsadi xitoycha dunyoqarashni qabul qildirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Yaqinda Facebook tashqi siyosatning eng muhim masalalarida Xitoy hukumatini qo‘llab-quvvatlaydigan, Xitoy bilan bog‘langan hisoblar tarmog‘ini yopdi.

Xitoy ham Rossiya kabi boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aloqadorligi bilan bog‘liq ayblovlarni rad etadi va «bunday ish qilishdan manfaatdor emasligi»ni aytib keladi.

Nomzodlar Xitoy haqida nima demoqda?
Prezident Tramp shu oyda tvitterdagi sahifasida o‘zini qo‘llab-quvvatlovchi Breitbart saytida e'lon qilingan «Xitoy prezidentlik saylovlarida Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlayotganga o‘xshaydi» sarlavhali maqolani bo‘lishdi.

«Albatta, ular Baydenni xohlashadi-da. Men Xitoydan millionlab dollarlarni olib, uni dehqonlarimiz va AQSh moliya vazirligiga berdim. Agar Bayden g‘alaba qozonsa, Xitoy AQShni qo‘lga oladi», deb yozdi Tramp.

Hozirda AQSh-Xitoy munosabatlari koronavirusdan tortib, Xitoyning Hongkongda tatbiq etilgan xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunigacha bo‘lgan har bir masalada ziddiyatli.

Jo Bayden esa Xitoyga nisbatan yumshoq munosabatda bo‘lgani haqidagi Trampning da'volaridan qutulishga harakat qilmoqda, «inson huquqlari va boshqa masalalarda hech qanday yon bermasligi»ni aytmoqda. Ammo demokratlar saylov masalasiga eng ko‘p aralashadigan tashqi kuch Rossiya ekaniga ishonishmoqda.

AQSh kimdan ko‘proq qo‘rqmoqda?
2016 yilda AQSh hukumati va ijtimoiy media kompaniyalari Rossiyaning aralashuviga qarshi juda sust harakat qilishdi. Bu safar hamma tayyor, ammo siyosiy muhit o‘zgargan.

Ijtimoiy media kompaniyalari o‘zlari ko‘rgan choralarni ochiq tarzda e'lon qilishmoqda. AQSh razvedka tashkilotlari esa muntazam ravishda o‘z bahosini berib bormoqda. Ammo bu mavzu juda siyosiylashdi.

Demokratlar Rossiyaning aralashuvi va uning Trampni qo‘llab-quvvatlashiga e'tibor qaratmoqda. Trampning tarafdorlari esa Xitoyning ularga qarshi kampaniyasi haqida bahslashmoqda.

Milliy xavfsizlik xodimlari har ikki xavfning mavjudligini tan oladigan nozik chiziqdan o‘tishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, bu ikki tahdid orasidagi farqni ochiqlashdan tiyilishmoqda. Chunki ularning bu harakati tarafkashlik sifatida baholanishi mumkin.

Rossiyaning aralashuvlari ancha uyushgan va yashirin, ammo ularning ta'siri 2016 yilgi saylovlar darajasida bo‘lmasligi mumkin. Taktikalar ham umuman boshqacha. Masalan, soxta yangiliklar va postlar chiqarish o‘rniga endilikda ba'zi foydali faktlarni ajratib ko‘rsatish usuli qo‘llanmoqda.

Eron nima qilishi mumkin?
Amerika razvedkasining rasmiy vakili Uilyam Yevanina Tehron Tramp yana bir bor saylanishini istamasligi, «bu Eronga nisbatan bosim davom ettirilishini va rejimni o‘zgartirish harakatlarini bildirishi» haqida gapirdi.

Eronning sa'y-harakatlari ko‘proq dezinformatsiya va ijtimoiy tarmoqlarda AQShga qarshi ma'lumotlarni tarqatish shaklida bo‘lishi aytilmoqda.

AQSh razvedkasining da'volarini qo‘llab-quvvatlovchi kompyuter giganti Microsoft Rossiya, Xitoy va Eron bilan bog‘liq hakerlar Amerika saylovlarining yetakchi nomlariga qarshi josuslik qilishga intilayotgani haqida xabar tarqatdi.

Shuningdek, Phosphorus nomi bilan tanilgan guruh shu yilning may va iyun oylari orasida Oq uy rasmiylari va Trampning saylovoldi tashviqotchilarining akkauntlariga kirishga uringani, ammo bu harakatlar muvaffaqiyatsiz yakunlangani aytildi.

Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Said Katibzoda esa Microsoft hisobotini «kulgili» deb atadi va «Oq uyda kim prezident bo‘lib o‘tirishi Eronga qiziq emasligi»ni aytdi.

Amerikaning tashqi siyosatga ixtisoslashgan «Atlantic Council» tahliliy markazi tomonidan yil boshida e'lon qilingan Eron to‘g‘risidagi hisobotda Eronning internetdagi faoliyatini osongina aniqlash mumkinligi ta'kidlanadi.

«Eronning raqamli texnologiyalar yordamida tarqatayotgan deyarli barcha ma'lumotlari Tehronning dunyoqarashi yoki tashqi siyosiy maqsadlari bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ma'lumotlar tarkibini siyosiy jihatdan bir-biriga bog‘lash qiyin bo‘lgan Rossiya kabi tashqi kuchlarga qaraganda «Eronning izi»ni aniqlash nisbatan osonroq», deyiladi mazkur hisobotda.

Nomzodlar Eron haqida nima demoqda?
AQSh saylovlarida Eronning ta'sir doirasi siyosiy maqsadlar jihatidan Rossiya yoki Xitoyniki singari emas.

Tramp Eronga qarshi qattiq siyosat yuritdi va yadroviy kelishuvdan chiqdi. Uning shaxsan o‘zi general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga buyruq berdi.

Jo Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida «Eronga qarshi qattiqqo‘l bo‘lishning boshqa oqilona usuli borligi»ni aytdi. Uning fikricha, bir tomondan Tehronning «mintaqadagi barqarorlikni buzadigan faoliyati»ni yo‘qqa chiqarish, boshqa tomondan esa diplomatiya yo‘lini ochiq qoldirish mumkin.

AQShda saylov kampaniyasi nihoyasiga yetib borar ekan, aralashuvlar kuchayishi natijasida saylovning ishonchliligiga bo‘lgan xavotirli shubhalar ortib bormoqda.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top