19:51 / 11.10.2020
6717
“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ: korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

9 oktabr kuni “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda tizimda yashirin iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘lim boshlig‘i Sherzod Rahimov, Samarqand viloyat Adliya bo‘limi katta maslahatchisi Shavkat Mahkamov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yuristi Husniddin Allamurodov, “Samarqand HETK” AJ rahbariyati ishchi xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda har qanday davlatning rivojlanishi davlat xizmatchilarining vatanparvarligiga, zimmasidagi mas'uliyatni anglashiga, sadoqati va fidoyiligiga bog‘liqligi aytildi. Ushbu xislatlarga ega bo‘lmagan davlat xizmatchisi korrupsiyadan xoli bo‘la olmasligi, natijada poraxo‘rlikka, mansabini suiiste'mol qilishga, pirovardida, jamiyatning obro‘sizlanishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetadi. Korrupsiya murosa qilib bo‘lmas global tahdid hisoblanishi, shu sababli dunyo miqyosida barcha davlatlarda bu illatga qarshi kurashib kelinayotganligi ta'kidlandi.

Aytish mumkinki, “Samarqand HETK” AJ va uning tarkibidagi elektr ta'minoti korxonalarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ichki nazorat tizimi faoliyati takomillashtirilgan. Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, jamiyat va uning tarkibidagi tuman, shahar elektr ta'minoti korxonalarining ma'muriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslarni, ularning vakillarini qabul qilishda shaffoflikni ta'minlashga keng e'tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, jamiyat tomonidan iste'molchilar bilan o‘zaro hisob-kitob qilishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishga o‘tilmoqda. Iste'molchilarga elektr energiyasi sarfini hisobga olishning zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilayotganligi bir qancha qulayliklar bilan bir qatorda, korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ayrim omillarning oldini olmoqda.

Shuningdek, tadbirda aholi huquqiy savodxonligining o‘sishi korrupsiyaga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega ekanligiga e'tibor qaratildi. Ko‘p hollarda huquqiy savodxonlikning yetishmasligi korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘layotir. So‘zga chiqqanlar tomonidan ushbu yo‘nalishda – aholining huquqiy bilimini o‘stirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

«Samarqand HETK» AJ Matbuot xizmati

Top