21:14 / 11.10.2020
9492
So‘z erkinligi, siyosiy qarorlar va reytinglar. Moliya vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning tutgan o‘rni, ularning ahamiyati va reytinglarda yuksalish masalasida Kun.uz’ga intervyu berdi. U reytinglar masalasi siyosiy qarorlar oqibatida o‘zgarishi, bu esa iqtisodiy farovonlikka ta'sir qilishini ma'lum qilgan.

— O‘zbekistonga reytinglar nima uchun kerak?

— Aslida, reyting va indekslar biron-bir pog‘onani egallash yoki ma'lum bir ko‘rsatkichni namoyishi uchun emas, balki xalqimizning farovonligi, inson huquqlari toptalmasligi va so‘z erkinligi faqat qog‘ozda emas, amalda ham bo‘lishini ta'minlash uchun kerak. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati, real o‘zgarishlar va natija uchun qaratilgan harakati reytinglar va xalqaro indekslar bilan ishlash chambarchas bog‘liq, deb hisoblayman. Buni nafaqat xalqaro jamiyat oldidagi, balki o‘z xalqimiz oldidagi hisobdorlik, desak ham bo‘ladi. Bu statistika uchun emas, bunda xalqning kayfiyati va munosabatini o‘rganib, muammolarga ta'sirli choralar ko‘rish maqsadi mavjud.

Odilbek Isoqov

— Avvallari xalqaro reyting agentliklarining bizga berayotgan ayrim baholari, reyting tashkilotlarida ko‘rsatilgan pozitsiyamiz inkor etilgan. Endilikda esa biz reytinglarga kirishga harakat qilmoqdamiz, buning sababi nimada?

— Biz ayni paytda 24ta reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini qabul qilmoqdamiz va ularda yuksalish uchun harakat qilyapmiz. Buning sababi — xalqaro hamkorlarimiz Jahon Banki va boshqa bir qator tashkilotlar, investorlar bizning bu natijalarimizga qanday baho berishini o‘rganmoqchimiz. Ta'kidlaganimdek, bu — muammolarga ochiq yuzlanish va ularni hal etish uchun qadam, davlat rahbarining siyosati. Mana shu reytinglar orqali suveren obligatsiyalarimizni jahon bozoriga muvaffaqiyatli joylashtirdik, ilgari yopiq bo‘lgan, ba'zi ma'lumotlar jumladan davlat qarzi, oltin ishlab chiqarishi haqidagi ma'lumotlar o‘z maxfiyligini yo‘qotdi va jamoatchilik nazorati ham o‘rnatildi. Raqamlarni ochiqlab, iqtisodiy qudratimizni oshkor qilganimiz tufayli, mamlakatlarga xos xatarlarni tavsiflash reytingida 6 guruhdan 5 guruhga ko‘tarildik. Bu o‘z navbatida, xalqaro kreditlarni sug‘urtalashda 60-70 million dollarni iqtisod qilish imkoniyatini berdi.

— Reytinglarda ildamlashga harakat qilayotgan hukumat bir paytda ichki siyosatda turli xil kamchiliklarni qayta-qayta qilishi — o‘zaro nomutanosiblik emasmi?

Oliy rahbariyatni xohish va siyosiy-irodalari bilan ularni joylarda amalga oshirish har doim ham to‘g‘ri kelavermaydi. Misol uchun, rivojlanishimizga yanada katta hissa qo‘shadigan ba'zi qaror va farmonlar ijrosi yuz foiz amalga oshirilmayapti. Bu oliy rahbariyat va joylardagi ijrochilarning xohish-istaklaridagi farqdan kelib chiqmoqda. Rivojlangan davlatlarda ham bugun qaror chiqsa, ertaga hammasi o‘zgarmaydi. Buning uchun uning ijrosini doim talab qiluvchi parlament va jamoatchilik nazorati faol bo‘lishi kerak. Jurnalistlar qanchalik masalalarga e'tibor qaratib, muammoning chuqur ildiziga kirsa, bu haqda jamoatchilikda ma'lumot ko‘p bo‘lsa, qaror va farmonlarning ijrosi shunchalik yaxshilanadi. Bu siyosiy muhitga ham ta'sir qiladi.

— Reytinglardagi o‘rinlarning yaxshilanishi siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq, deb o‘ylaysizmi?

— Ha, albatta. Faqat iqtisodiy tarafini hisobga olgan holda siyosiy yoki huquqiy jihatlarini to‘g‘rilamasa foydasi kamroq bo‘ladi. Masalan, mulk huquqi bilan ko‘p muammo bo‘lyapti. Qanchalik bir muammo ko‘p gapirilsa, u shunchalik tezroq yaxshilanishi mumkin. Joylarda mutasaddilar masalaning jamoatchilik e'tiborida ekanini anglab, harakatlanadi. Xorijdagi rivojlangan davlatlarda ham OAV erkinligi, jamoatchilik nazoratini to‘sib qo‘ysangiz, ularda ham muammolar ko‘payadi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan suhbatni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov.

Top