19:47 / 12.10.2020
18483
2020 yilgi Nobel mukofotining barcha sovrindorlari ma'lum bo‘ldi

5 oktabr kuni Shvetsiya va Norvegiyada Nobel haftaligi boshlandi va 12 oktabr kuni nihoyasiga yetdi. Ushbu haftalik davomida nufuzli mukofotning 2020 yilgi sovrindorlari e'lon qilindi.

Foto: DPA/TASS

Tibbiyot

Stokholmdagi Nobel qo‘mitasi 5 oktyabrda tibbiyot yo‘nalishidagi g‘oliblar nomini e'lon qildi. Mukofot S gepatiti virusini topgan amerikalik Harvi Olter va Charlz Rays hamda britaniyalik Maykl Houtonga berildi.  

Ushbu virus odamlarda va shimpanzeda C gepatiti kasalligini keltirib chiqaradi. U 1989 yilda topilgan bo‘lib, shimpanzeda A gepatiti yoki V gepatitiga o‘xshash kasallikni keltirib chiqargan, ammo ulardan birontasi bo‘lmagan virusning DNK nusxasini klonlash orqali aniqlangan.

Olter, Rays va Houtonning tadqiqoti ushbu virusning aniqlanishida muhim rol o‘ynadi. Olter AQSh Milliy sog‘liqni saqlash institutlaridagi hamkasblari bilan birgalikda qon quyilgan bemorlarda gepatit holatlarini o‘rganib chiqdi. Olimlar ma'lum bo‘lgan A va V gepatitlari bilan bir qatorda, ularga o‘xshash yana bir kasallik mavjudligini isbotladi. O‘shanda noma'lum qo‘zg‘atuvchi uni shimpanzelarga yuqtirishi mumkinligi aniqlandi. Kasallik «na A, na V» gepatit deb nomlangan.

Maykl Houton ushbu noma'lum kasallikning genetik asosini ajratish ustida ishlagan.

Fizika

6 oktabr kuni angliyalik fizik Rojyer Penrouz, germaniyalik astrofizik Raynhard Gensel va amerikalik astronom Andrea Gez fizika bo‘yicha mukofotga loyiq deb topildi. Penrouz ushbu mukofotga qora tuynuklarning paydo bo‘lishi umumiy nisbiylik nazariyasining ishonchli bashorati ekanligi, Gensel va Gez esa Somon yo‘li markazida supermassiv ixcham obekt topilganligi uchun sazovor bo‘ldi.

Umumiy nisbiylik nazariyasiga ko‘ra, qora tuynuklar - ulkan tortishish kuchiga ega kosmik obektlar bo‘lib, ular haqiqatan mavjud. Biroq hatto ushbu nazariyaning yaratuvchisi - Albert Eynshteyn ham bunga ishonmagan. 1965 yilda bo‘lajak nobeliat Rojyer Penrouz qora tuynuklar haqiqatan ham mavjudligini isbotladi va ularning tuzilishini batafsil bayon qildi.

Boshqa ikki sovrindor - Andrea Gez va Raynhard Genselning ilmiy yutuqlari Galaktika markazida joylashgan supermassiv obekt bilan bog‘liq - astronomlar uni Qavs A* deb atashadi. Ushbu obekt qora tuynuk bo‘lib, u Quyoshdan 4 million martadan ko‘proq og‘ir, qizib turgan gaz buluti bilan o‘ralgan.

Optik teleskoplar uchun Qavs A* ko‘rinmasdir, olimlar uning mavjudligi haqida juda «yorqin» radionurlanish orqali bilib oldi, keyin esa boshqa spektrlarda nurlanishni aniqlash orqali uning mavjudligini tasdiqladi. Gez va Gensel boshchiligidagi ilmiy guruhlar ushbu obektni gaz bulutlari orqali qanday ko‘rish mumkinligini aniqlay oldi.

Kimyo

7 oktabr kuni kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomni tahrirlash usulini kashf etgan olimlarga topshirildi.

Hozirda Germaniyada ishlaydigan fransiyalik mikrobiolog Sharpante va amerikalik biokimyogar Jyennifer Dudna (Kaliforniyadagi Berkli universiteti) bir necha yil avval bakteriyalarning viruslardan himoyalanishda yordam beradigan molekulyar "immunitet"ini kashf qilishgandi. Uni turli organizmlarning genomlarini yuqori aniqlikda tahrirlashda qo‘llashga muvaffaq bo‘lindi. Hozirda butun dunyodagi olimlar og‘ir kasalliklarni davolash usullarini topish uchun "genom muharriri"dan foydalanmoqda.

Sharpante va Dudna keyingi yillarda Nobel mukofoti olishga asosiy nomzodlar sifatida eslab kelingan.

Adabiyot

8 oktyabrda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik shoira Luiza Glyukka berildi. Shvetsiya akademiyasi uning «mavjudlikni o‘z qat'iy go‘zalligi bilan universal qiladigan she'riy ovozi»ni yuqori baholadi.

Glyuk 1943 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. U Amerika san'at va adabiyot akademiyasining a'zosi, ijodiy ishlari uchun AQShda bir necha bor yuqori mukofotlarga sazovor bo‘lgan – Amerika shoirlar akademiyasi mukofoti (1968 yil), Milliy tanqidchilar jamiyati kitob mukofoti (1985 yil), Pulitser mukofoti (1993 yil), Bollingen mukofoti (2001 yil). 2003-2004 yillarda AQShning shoira laureati bo‘lgan.

U Kolumbiya universitetiga o‘qishga kirgan, ammo ta'lim jarayonini tamomlamagan. Keyinchalik Glyuk Uilyamstaundagi (Massachusets shtati) Uilyams kolleji, Yyel, Boston va Ayova universitetlarida, Vermontdagi Goddard kollejida ingliz tilidan dars berdi, u Yyel universitetining professori hisoblanadi.

Tinchlik

9 oktabr kuni shaxs yoki shaxslar emas, dunyo bo‘ylab ocharchilikdan aziyat chekayotganlarga oziq-ovqat yetkazib beradigan BMTning insonparvarlik tashkiloti - Butunjahon oziq-ovqat dasturi (World Food Programme (WFP) 2020 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sohibi deb topildi.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, WFP «ocharchilikka qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlari, mojarolardan zarar ko‘rgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qo‘shgan hissasi hamda urush va mojarolarda ocharchilikni qurol sifatida ishlatmaslikning harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi ishlari uchun» mukofotga sazovor bo‘ldi.

«Bu yilgi mukofot bilan Norvegiya Nobel qo‘mitasi dunyo e'tiborini ocharchilikdan aziyat chekayotgan yoki ocharchilik xavfiga duch kelgan millionlab odamlarga qaratishni xohlaydi», - deyildi qo‘mita tomonidan.

Qo‘mita 2020 yilda butun dunyoga tarqalgan COVID-19 koronavirus infeksiyasi sharoitida qator mintaqalarda ocharchilik xavfi kuchayganligini ta'kidladi.

Iqtisodiyot

Va nihoyat, 12 oktyabrda amerikaliklar Pol Milgrom va Robert Uilson kimoshdi savdosi nazariyasini takomillashtirgani va yangi auksion shakllarini ixtiro qilganligi uchun iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti berildi.

Ushbu mukofotni Nobelning o‘zi emas, balki Shvetsiya Banki 1969 yilda ta'sis etgan.

Yetmish ikki yoshli Milgrom va sakson uch yoshli Uilson ishlab chiqqan kimoshdi savdosi nazariyasi xaridorlar odatda nima uchun kimoshdi savdosida o‘zlari hisoblaganidan ko‘ra pastroq narx taklif qilishlarini izohlab beradi.

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti g‘oliblari nomini e'lon qilish bilan Nobel haftaligi nihoyasiga yetdi.

Nobel mukofoti to‘g‘risida qiziqarli faktlar

  • Nobel qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda tinchlik bo‘yicha mukofotga 318 nomzod da'vogarlik qildi. Ulardan 211 nafari jismoniy shaxslar, 107 tasi esa tashkilotlar bo‘ldi.
  • 2020 yilda Nobel mukofotining miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1 million shved kronasiga ko‘paytirilib, 10 millionga yetkazildi (1,12 million dollar). 
  • 2018 yilda Nobel adabiyot qo‘mitasi jinsiy mojaro fonida tarqatib yuborilganligi sababli ushbu yo‘nalishda mukofot berilmagan.  
  • 1901 yildan 2019 yilgacha adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 112 marta topshirilgan. Yetti marta Nobel qo‘mitasi va Shvetsiya akademiyasi mukofotga munosib nomzodlar yo‘q degan qarorga kelgan. Bu holatlarning aksariyati Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari vaqtiga to‘g‘ri keladi.
  • 2020 yilgacha 113 kishi, shu jumladan 15 nafar ayol adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olgan. Hech kim bir martadan ko‘p laureat bo‘la olmagan.
  • Eng ko‘p marta mukofotni Fransiyadan yozuvchilar olgan, ammo laureatlarning aksariyati (113 nafardan 29 nafari) o‘z asarlarini ingliz tilida yozgan. Bundan tashqari, Nobel mukofoti sovrindorlari asarlari yozilgan o‘nta til orasida fransuz (15), nemis (14), ispan (11), shved (7), italyan (6), rus (6) polyak (5) va boshqa tillar bor.
  • Mukofot berish paytida Nobel mukofoti sovrindorlarining o‘rtacha yoshi 65 yoshni tashkil etgan. Eng «yosh» laureat Redyard Kipling bo‘lib, u 1907 yilda 41 yoshida Nobel mukofotini olgan. Eng yoshi katta laureat esa ingliz yozuvchisi Doris Lessing bo‘lib, u 88 yoshda bo‘lgan (2007 yil).
  • O‘tgan 119 yil ichida (1901-2019 yillar) mukofot atigi 100 marta topshirilgan, 19 yil davomida - 1914-1916, 1918, 1923, 1924, 1928, 1932, 1939-1943, 1948, 1955-1956, 1966-1967 va 1972 yillarda mukofotga munosib nomzod topilmagan.
  • Shu vaqt ichida 107 kishiga, shu jumladan 17 nafar ayolga va uch marta Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasini o‘z ichiga olgan 27ta tashkilotga Nobel tinchlik mukofoti berildi.
  • O‘ziga berilgan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan bosh tortgan yagona shaxs bu 1973 yilda AQSh davlat kotibi Genri Kissinjyer bilan birga ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan vetnamlik siyosatchi Le Dik Txodir.
  • Iosif Stalin (1945 va 1948 yillarda), Adolf Gitler (1939), Benito Mussolini (1935), shuningdek Xuan Peron, Nevill Chemberlen, Garri Trumen, Nikolay II, Lev Tolstoy, Erix Mariya Remark, Nikolay Rerix, Per de Kuberten, Mariya Montessori, Robert Baden-Pauell va boshqalar tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘lishgan.
  • Nobel mukofotlari laureatlarga 10 dekabr kuni, Alfred Nobelning tug‘ilgan kunida topshiriladi va maxsus ziyofat o‘tkaziladi (Tinchlik bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritganlardan tashqari barcha laureatlar uchun Stokholmda, Tinchlik mukofoti sovrindorlari uchun Osloda). 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli ziyofat o‘tkazilmaydi, mukofotni topshirish marosimi esa onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi. 
Top