21:44 / 12.10.2020
3450
Bosh prokuror Xorazmda bo‘lib, ijtimoiy soha obektlarini ko‘zdan kechirdi

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ijtimoiy soha obektlari, tadbirkorlik sub'yektlari va boshqa tuzilmalardagi muammolar yechimini topish, pandemiya sharoitida tegishli sektorlardagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Bosh prokuror dastlab mutasaddilar hamrohligida Urganch tumanidagi 2-sektor hududida faoliyat ko‘rsatayotgan «Qoromon Barakati» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.

«Paxta terimida ishtirok etayotgan aholi vakillariga yaratilgan sharoitlar, ularni moddiy rag‘batlantirish masalalari muloqot markazida bo‘ldi. Terimchilar va fermer xo‘jaliklari duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish bo‘yicha tegishli sektor rahbari va boshqa mutasaddilarga zarur yo‘l-yo‘riqlar, qat'iy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Bosh prokuror tomonidan ilg‘or terimchilarga televizor, gilam, elektropech kabi 100ga yaqin qimmatbaho sovg‘alar tarqatildi.

Tashrifning navbatdagi manzili Xiva shahrida joylashgan «Bolalar shaharchasi» bo‘ldi. Bosh prokuror mazkur maskan tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari bilan muloqot asnosida bu yerdagi sharoitlarni yanada yaxshilash, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha sektor rahbarlariga ko‘rsatmalar berdi hamda tarbiyalanuvchilarga o‘quv qurollari, qishki kiyim-kechaklar va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.

Urganch shahridagi viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazidagi bemorlar ahvolidan ham xabar olindi. Bosh prokuror ushbu markazning kuz-qish mavsumiga tayyorligi bilan bevosita tanishib, sektor rahbarlari va boshqa mas'ullarga mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi, tezkor ravishda ko‘rsatilishi zarur amaliy yordam ko‘lamini aniqladi. Jumladan, mazkur muassasani zamonaviy konditsionerlar bilan ta'minlash bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Shundan keyin Bosh prokuror Urganch tumanidagi 2-sektor hududida joylashgan «Ulli hovli» xususiy sayyohlik korxonasiga (tarixiy majmuasiga) tashrif buyurdi. Bu yerda sayyohlar va ularga xizmat ko‘rsatuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, mahalliy va xorijiy sayyohlarni yanada faol jalb etish masalalari yuzasidan mas'ullar bilan fikr almashdi.

Joriy yilning fevral oyida ishga tushirilgan va hozirda polietilen trubalar ishlab chiqarayotgan Urganch shahridagi «Ipak yo‘li grupp» MChJning faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, Bosh prokuror bu kabi zamonaviy tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishida sektorlarning amaliy ko‘magi muhim ekanligini ta'kidladi. Xususan, mazkur korxona ham imtiyozli asoslarda bank kreditlarini olish, kommunikatsiya tarmoqlariga o‘z vaqtida ulanish kabi masalalarda sektorlar bilan faol hamkorlik qilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, Bosh prokuror ayniqsa, kuz-qish mavsumida faoliyati muhim bo‘lgan Urganch tumanidagi «Ko‘mirta'minot» MChJga tashrif buyurib, ko‘mir ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Tegishli sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddilarga korxonani yanada rivojlantirish barobarida aholiga yetkaziladigan ko‘mirning sifatini nazoratga olish, uning narxi barqarorligiga e'tibor qaratish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalarni berdi.

Xorazm viloyati hokimligida Bosh prokuror ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda esa faollarga viloyatning yangi prokurori Botir Qudratxo‘jayev tanishtirildi, hududdagi dolzarb masalalar yechimida prokuratura organlarining tegishli tuzilmalar bilan hamkorligining istiqbollari belgilab berildi», – deyiladi xabarda.

Top