07:59 / 12.10.2020
2725

«Los-Anjyeles Leykers» MBAning 17 karra chempioniga aylandi

Foto: AP Photo

“Los-Anjyeles Leykers” jamoasi Milliy basketbol assotsiatsiyasi pley-off bosqichi finalida “Mayami xit” ustidan g‘alaba qozonib, 2019/2020 yilgi mavsum g‘olibi bo‘ldi

“Leykers” finalning 6-uchrashuvida “Mayami”ni 106:93 hisobida mag‘lub etdi. Shundan keyin umumiy hisob Los-Anjyeles klubi foydasiga 4-2 ko‘rinishini oldi.

“Leykers” tarkibida Lebron Jyeyms MBA pley-off bosqichida 260-uchrashuvini o‘tkazib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Derek Fisherni ortda qoldirdi va 1-o‘ringa chiqib oldi. 

Bundan tashqari, Jyeyms uchrashuvda “Leykers” tarkibidagi eng sermahsul o‘yinchi bo‘ldi. 

“Leykers” MBAda 17-marta chempionlikni rasmiylashtirdi. Klub bu ko‘rsatkich bo‘yicha MBA rekordchisi hisoblangan “Boston” klubiga tenglashib oldi. E'tiborlisi, “Leykers” 10 yil ichida birinchi marta finalga chiqa oldi. Bungacha esa jamoa 6 yil davomida hattoki pley-off bosqichiga chiqa olmagan. Klub oxirgi marta chempionlikni 2010 yilda “Orlando Mejik”ga qarshi bahsda qo‘lga kiritgan.

“Mayami” esa o‘z tarixida oltinchi marta va 2014 yildan beri birinchi marta finalda o‘ynadi. Jamoa 2006, 2012, 2013 yillarda chempionlikni qo‘lga kiritgan.  

MBA muntazam chempionati pandemiya sababli mart oyida to‘xtatilib, 31 iyulda davom ettirilgandi. Pley-off bosqichi esa 17 avgustdan boshlangan. Ushbu bosqichning barcha o‘yinlari Floridadagi “Disney uorld” hududida joylashgan sport majmuasida o‘tgan.

Mavzuga oid
Top