14:02 / 12.10.2020
10965

O‘rtasaroyda karantin qoidalarini buzib, xo‘roz o‘yinlarida qatnashgan 124 nafar shaxs ushlandi

Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.

Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 9 oktabr kuni soat taxminan 00:30larda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani «O‘rtasaroy» MFY hududida joylashgan ot fermasida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilishi va ko‘pchilik yig‘ilib, tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkil etilayotgani aniqlangan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, viloyat ichki ishlar organlarining tungi xizmatga jalb etilgan xodimlari, bosh boshqarma tezkor xizmatlari, PPX hamda tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilgan va voqea joyiga borilgan.

Qayd etilishicha, u yerda haqiqatdan ham 100 nafardan ortiq fuqarolar ishtirokida tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz o‘yini tashkil etilganligi, voqea joyida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilganligi, shuningdek, ferma hovlisida xizmat ko‘rsatayotgan noqonuniy savdo shoxobchasida iste'mol uchun olib kelingan mahsulotlar sanitariya qoidalariga javob bermasligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, tadbir xodimlari tomonidan o‘yinlarda ishtirok etayotgan jami 124 nafar shaxslar qo‘lga olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘yin uchun olib kelingan xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasini qo‘pol ravishda buzganliklari uchun ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.

Top