13:21 / 12.10.2020
9173

Project Big Picture. Angliya futbolida nimalar o‘zgarishi mumkin?

Angliyaning eng dongdor ikki klubi - «Manchester Yunayted» va «Liverpul» ingliz futbolining strukturasini, jumladan, Angliya Premer Ligasini ham o‘zgartirishga bel bog‘lashdi. Ushbu klublar bosslari anchagina radikal bo‘lgan, klublarning moliyaviy tizimlariga ham ta'sir ko‘rsatishi aniq bo‘lgan loyihani ishlab chiqishdi. Loyihaning ishchi nomi ham bor - Project Big Picture. Bu haqida ko‘p va ba'zi muhim nuqtalari haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, bu loyiha to‘liq holatda nimalarni qamrab oladi?

Photograph: Michael Regan/PA

Loyiha Futbol Ligasi prezidenti Rik Perrining roziligini olib bo‘ldi, endi asosan «kuchli oltilik»ning munosabati kutilmoqda. Xo‘sh, o‘zgarishlar nimalardan iborat bo‘ladi?

Birinchidan, Premer Liganing 25 foiz daromadi quyi liga klublari rivojlanishi uchun (Chempionship, Liga 1 va Liga 2) ajratiladi. Shu orqali, APL va quyi ligalar o‘rtasidagi moliyaviy jarlik sayozlashtiriladi. Bu muammo ko‘p yildan beri tilga olib kelinayotgandi, pandemiya sharoitida esa yanada avj oldi. Katta klublar pandemiyada ancha pul yo‘qotishdi, bu yo‘qotishlar ambitsiyalarga, transfer siyosatiga ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa, kichik klublarning muammosi kattaroq – ular inqiroz yoqasiga kelib qolishdi. Stadiondan tomosha qiladigan muxlislardan tushadigan daromad asosiy manbani tashkil qiladigan bu klublar deyarli tushumsiz qolishdi. Buni e'tiborga olib, dastlabki 250 million funt avans tariqasida berilishi kerak. Zero, Angliyada futbol an'ana va urf-odatga aylanib ketganidan quyi ligalarga futbolning poydevori sifatida qaraladi. 

Ikkinchidan, APL jamoalari sonini 20tadan 18taga kamaytirish. Ikki jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri ligani tark etsa, 16-o‘rindagi jamoa Chempionshipning 3-6 o‘rindagi jamoalari bilan pley-offda qatnashadi. Format albatta, detal, bu yerda asosiy maqsad, o‘yinlar sonini qisqartirishga erishish. Ortiqcha 2 jamoa 4 o‘yin, ya'ni bir oy degani. Shundog‘am, milliy va yevrokuboklar, milliy jamoalar yig‘inlari ostida qoladigan top-klublar uchun sezilarli yengillik bo‘ladi. Quyidagi uch ligada esa, 24tadan klub bo‘ladi – ya'ni hammasi bo‘lib, yuqori 4 liga ishtirokchilari 90tani tashkil qiladi.

Uchinchidan, «Top-6»dan tashqari APLda eng ko‘p mavsum o‘tkazgan yana uch klub qo‘shilgan holda, 9 klub Premer Liga taqdirini hal qiluvchi kattaroq maqomga ega bo‘ladi. Bugungi holatda bu uch klub – «Sauthempton», «Vest Hem» va «Everton». Ma'lumki, APL bo‘yicha turli masalalarni hal qilishda 14 ovoz yetarli chegara hisoblanadi. Endi bu ham bekor qilinib, yuqoridagi 9 klubdan 6tasi u yoki bu qarorni qo‘llashi yetarli bo‘ladi. Bu «ritsarlar» hatto klublarni sotib olmoqchi bo‘layotgan investorlarga ham veto qo‘yish huquqiga, shuningdek, qoidalardagi, Liga rahbariyatidagi o‘zgarishlarga ham ta'sir ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

To‘rtinchidan, APL daromadining 25 foizi klublar o‘rtasida taqsimlanmay, 8,5 foizi operatsion xarajatlar va turli «yaxshi ishlar»ga, xususan, Futbol Assotsiatsiyasi ehtiyojlariga, 6,5 foizi 4 ligadagi stadionlarni zamonaviylashtirish, 100 million funt esa yana FAga sovg‘a sifatida beriladi. Yuqorida tilga olingan 25 foiz mablag‘lar shunday taqsimlanadi. APLni tark etib, Chempionshipga tushgan klublarga beriladigan «parashyut mablag‘» (bir klubga uch yilda kamida 150 million funt berilardi) tizimi bekor qilinadi.

Beshinchidan, klublar o‘rtasida taqsimlanadigan TV-daromadlarning ma'lum qismi klubning oxirgi uch mavsumdagi natijalardan kelib chiqib belgilanadi.

Oltinchidan, Liga kubogi va Angliya Superkubogini qayta ko‘rib chiqish. Superkubok shundog‘am birgina uchrashuvdan iborat ekanini hisobga olsak, bekor qilinadi. Liga kubogidan esa, yevrokuboklarda qatnashayotgan jamoalar ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Yettinchidan, APL va FAning mustaqil ravishda Ayollar Professional Ligasini tashkil qilish.

Sakkizinchidan, UYeFA talablari asosida moliyaviy feyr-pley qoidalariga qat'iyan rioya qilish va APL rahbarlari uchun klub hisob-raqamlari va operatsiyalarini to‘liq ochish.

To‘qqizinchidan, safar jamoalari muxlislari uchun qoidalarni aniqlashtirish. Ular uchun 20 funtdan qimmat bo‘lmagan chiptalar joriy qilish, fanatlarning safar xarajatlariga yordam berish, «xavfsiz tribuna»lar joriy qilishga qaytish. Safar jamoa muxlislari uchun kvota kamida 8 foizni tashkil qilishi lozim.

O‘ninchidan, ijara tizimini o‘zgartirish. Klub 15 nafargacha ingliz futbolchilarni tarkibiga ijara asosida jalb qila olish kerak, shu bilan birga, bir klubdan olinadigan futbolchilar 4 nafardan oshmasligi qayd etib qo‘yiladi.

Va oxirgisi, chempionatni kechroq boshlash. Bu klublarga mavsumoldi tayyorgarlik paytida ko‘proq o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish imkonini beradi. Top-klublar uchun bu shuningdek, pul ishlab olish uchun ham imkoniyatdir. Bundan tashqari, Premer Liganing o‘zi ham yozgi o‘rtoqlik turniri tashkil qiladi va har bir klubga besh yilda kamida bir marotaba ushbu musobaqada qatnashish majburiy qilib qo‘yiladi. 

Top