20:27 / 12.10.2020
60883
Rasul Kusherbayev - «O‘zavtomotors», deputatga qarshi ish va ijro hokimiyati haqida

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev «O‘zavtomotors» ishi, sudda guvoh sifatida so‘roq qilingani, deputatga bosimlar va parlament hayoti to‘g‘risida Kun.uz bilan suhbatlashdi. U ijro hokimiyati, xususan mahalliy hokimiyat organlarini tanqid qilib, mulohazalarini bildirdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, ko‘pchilikka faol deputat Rasul Kusherbayev yoqmasligi mumkin, ammo u davlat rahbariga ma'qul. Nima deb o‘ylaysiz, aynan nima sababdan va kimlarga faol deputatlar yoqmaydi?

 — Ko‘pchilik deganda, oddiy fuqarolar emas, mas'ullar nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. Sababi shuki, deputat hukumat amalga oshirayotgan ishlarni maqtamay, tizimda xato bo‘lsa, uni ochiq-oydin aytishidir. Deputat mavjud kamchiliklar yuzasidan o‘zining taklif va tanqid hamda e'tirozlarini bildiradi va bu o‘z navbatida mas'ul shaxslar va mansabdorlarga unchalik ham xush kelmasligi mumkin. Aslida buni men normal holat deb hisoblayman. Agar mansabdor shaxs deputatni yomon ko‘rsa, bu o‘sha deputatni ishlayotganligidan, xato va kamchiliklarni oshkor etayotganligidan darak beradi. Biz aksincha amaldorlarni deputatlar bilan yaxshi aloqada bo‘lib, ular yoqtirib qolishidan qo‘rqishimiz kerak.

— O‘tgan vaqt davomida sizni bir jinoyat sudida guvoh sifatida ishtirok etdingiz. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy-tarmoqlarda juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu ish aynan sizga qaratilganmidi?

To‘g‘risini aytsam, boshidan bu ish menga qaratilmagan, degan ishonch ich-ichimda bor edi. Lekin oxirgi paytlarda yuz bergan voqealar va o‘zimning shaxsiy topgan dalillarimga ko‘ra, afsuski, bu sud aynan menga qaratilgan ish ekanligiga ishonchim komil bo‘ldi. Men hozir shaxslarni ismlarini aytolmayman, chunki bu hammamizning zararimizga ishlaydi.

— Siz shaxslarni aytmasangiz ham bu ishlarga qaysi qilgan tanqidingiz yoki ishingiz sabab bo‘lganligini ayta olasizmi?

Bu odamlarning joylardagi muammolarini ham hal qilish bilan bog‘liq edi. Aynan qurilish sohasiga aloqador, chunki men bu sohadagi korrupsiyani juda ko‘p tanqid qilganman va ma'lum darajada mavjud muammolarni hal etganman. Xullas bu ishni boshlanishi aynan o‘sha joy bo‘lgan.

— Ko‘pchilik xabardor bo‘lmasligi mumkin men qisqacha eslatib o‘taman. Sud davomida sudlanuvchidan Rasul Kusherboyevga nisbatan ko‘rsatma olishlik talabi qo‘yilgani iddao qilindi. Bu esa prokuratura va rasmiy idoralar tomonidan inkor etildi. O‘z navbatida sud ham qisman ijobiy natija bilan yakunlandi. Mana, siz ikkinchi chaqiriqda ham saylandingiz. Birinchi va ikkinchi chaqiriq orasida qanday farq bor? Parlament o‘zgarib, shaffof holga kelmoqdami?

Pandemiya sababli parlament haqida to‘liq tasavvurga ham ega bo‘lolmadim. Parlamentda shaffoflikka bo‘lgan intilish bor, lekin avval qanday tempda bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday. Ya'ni juda keskin yoki katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Masalan, elektron parlament loyihasi yakuniga yetmadi, fuqarolar o‘zi saylagan deputatning muayyan qonun loyihalari bo‘yicha qanday munosabat bildirishini kuzata olmayapti.

— Nima sababdan yetarli ovoz to‘plagan petitsiyalar o‘z vaqtida, tartibga ko‘ra parlament tomonidan ko‘rib chiqilmayapti?

Buning sababi ovoz to‘plagan petitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlamentga o‘tkazadigan tizim yo‘qligi. Orada ayrim shaxslar o‘z manfaatlariga ko‘ra, yetarli ovoz to‘plagan petitsiyalarni o‘tkazishmoqda yoki yo‘q.

Suhbat davomida Rasul Kusherbayev «O‘zavtomotors» ishi, ijro hokimiyat va o‘zaro tiyib turish tamoyili, fuqarolar huquqi hamda Konstitutsiya moddalariga zid hujjatlari haqida so‘z yuritgan. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov. 

Top