15:22 / 12.10.2020
23177
SSV koronavirusga qarshi qo‘llanayotgan dori vositalarining nojo‘ya ta'sirlaridan ogohlantirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi «Remdesivir» va «Favipiravir» dori vositalari faqat koronavirusning og‘ir shakllarida qo‘llanishi mumkinligi, yengil holatlarda nojo‘ya ta'sirlarga egaligi haqida gapirdi. Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda bu dorilar o‘zboshimchalik bilan qabul qilinishi holatlari ko‘paygani tufayli shifoxonaga murojaatlar ham ortgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev bilan intervyuda koronavirusga chalinganlarni davolashda qo‘llanayotgan dori vositalari haqidagi savol bilan murojaat qildi.

— Ayni kunlarda koronavirusni keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 virusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini ishlab chiqish jahondagi barcha sog‘liqni saqlash tashkilotlarining asosiy vazifasiga aylangan. Hozirda dunyo farmatsevtika bozorida COVID-19 kasalligi oldini olish yoki uni davolashga qaratilgan yuzdan ortiq dori vositalari, vaksinalar taklif etilmoqda. Ammo, afsuski, hozirgi vaqtgacha COVID-19 kasalligini samarali davolashi kafolatlangan preparat topilgani yo‘q. Shunga qaramasdan, COVID-19 kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalari mavjud bo‘lib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri «Remdesivir» va «Favipiravir» deyish mumkin.

Haqiqatan ham shu dorilar koronavirusni yengishda yordam beryaptimi?

—  Virusga qarshi «Remdesivir» preparati 2015 yil AQShda yaratilgan bo‘lib, Afrikada tarqalgan «Ebola» virusiga qarshi qo‘llangan. 2020 yil 1 maydan boshlab Amerika oziq-ovqat va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi tomonidan koronavirusni davolashda tezkor dori sifatida qo‘llashga ruxsat berilgan. O‘tgan vaqt ichida «Remdesivir» o‘zining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli, koronavirusni davolashda butun dunyoda qo‘llanmoqda. Hozirda «Remdesivir» preparati O‘zbekistonda ham «Remdessa» nomi bilan ishlab chiqarilmoqda. 

Koronavirusni davolashda yana bir keng qo‘llanayotgan dori vositasi bu – «Favipiravir». U Yaponiyada «Avigan» nomi bilan 2014 yildan «Fujifilm Toyama Chemical» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan gripp kasalligiga qarshi dori vositasi bo‘lib, grippga chalinganlarni davolashda boshqa preparatlar ta'sir ko‘rsata olmaganida zaxira preparati sifatida tatbiq etilgan.

«Favipiravir»ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning ko‘payishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada «Ebola» virusini davolashda keng qo‘llangan. 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yaponiya klinikalarida koronavirus bemorlarini davolashda keng qo‘llab kelinmoqda. 

«Remdesivir» va «Favipiravir» virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida o‘zini ijobiy namoyon etmoqda. Davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

—  Ammo bu dori vositalarining nojo‘ya ta'sirlari haqida hamma ham bilmaydi... 

—  To‘g‘ri, Yaponiyada «Avigan» («Favipiravir») dori vositasi faqat buyurtma asosida klinikalarga yetkazib beriladi. «Remdesivir» esa faqatgina statsionar sharoitida qo‘llashga mo‘ljallangan. Chunki «Remdesivir» dori vositasi COVID-19 kasalligining o‘rta og‘ir va og‘ir shaklida bemorlarga tavsiya etiladi. Sababi barcha dori vositalari singari ushbu dori vositasining ham foydali va zararli taraflari mavjud. Jumladan, tibbiy ko‘rsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, jigar fermenti «AlT»ning oshishiga olib keladi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, ko‘ngil aynishi va qabziyatni chaqiradi. 

«Favipiravir» dori vositasi kasallik yengil va o‘rta og‘ir kechish darajasida faqat shifokor nazorati ostida tavsiya etiladi. Sababi «Favipiravir»ni virus yuklamasi ko‘p bo‘lganda va foydasi zararidan ustun deb topilgandagina tavsiya etiladi. Uni homilador ayollar qabul qilganda bolaning ko‘p nuqsonli tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Buyrak yetishmovchiligini chaqiradi. Harakat funksiyalarini buzadi.

Achinarlisi, sanab o‘tilgan nojo‘ya ta'siriga qaramay, aholi orasida «Remdesivir» va «Favipiravir» dori vositalarini ishlatishga xohish ortib bormoqda. COVID-19 kasalligi bilan «asoratlangan» holatda tibbiyot muassasalariga murojaatlar ko‘payib ketdi. Bunga esa bilib-bilmasdan ko‘p miqdorda va kerak bo‘lmagan holatda yuqorida sanab o‘tilgan dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish sabab bo‘lmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top