22:29 / 13.10.2020
44961
«Agar shuni xohlashsa, mayli, shunday bo‘laqolsin» - Lavrov Yevroittifoqqa nisbatan keskin bayonot bilan chiqdi

Lavrov Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat va Yevroittifoqning bunga munosabatiga to‘xtalar ekan, YeI va Germaniya bu voqeadagi o‘z xalqaro-huquqiy majburiyatlarini bajarishi kerakligini aytdi.

Foto: REUTERS/Evgenia Novozhenina

 Agarda Yevroittifoq Moskva bilan muloqotda o‘zaro hurmat zarurligini tushunmaydigan bo‘lsa, Rossiya ittifoq yetakchilari bilan muloqotni to‘xtatishga majbur bo‘ladi, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

«G‘arbning tashqi siyosati uchun javobgar bo‘lgan va o‘zaro hurmat ko‘rsatgan holda muloqot qilish zarurligini tushunmayotganlar bilan muloqotni qanchadir vaqtga to‘xtatishimiz kerakka o‘xshaydi, buning ustiga Ursula fon der Lyayyen (Yevrokomissiya rahbari – tahr.) Rossiyaning hozirgi hukumati bilan geosiyosiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib bo‘lmasligini aytmoqda», - dedi Lavrov.

«Agar shuni xohlashayotgan bo‘lsa, mayli, shunday bo‘laqolsin», - deb ta'kidladi u.

 Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat va Yevroittifoqning bunga munosabatiga to‘xtalar ekan, Lavrov YeI va Germaniya bu voqeadagi o‘z xalqaro-huquqiy majburiyatlarini bajarishi kerakligini aytdi.

«Biz Navalniy bo‘yicha Yevroittifoq va Germaniya ham xalqaro huquqqa amal qilishini istaymiz. Jinoiy ishlar bo‘yicha yordam berish to‘g‘risidagi konvensiya bor, umumevropa konvensiyasi, uning bayonnomalari bor. Biz Germaniyadan ana shu huquqiy vositalar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini so‘raymiz», - dedi u.

 «Rossiya bir narsani tushunishni xohlaydi, umuman, hozirgi sharoitda YeI bilan biror ishni amalga oshirsa bo‘ladimi», - deya qayd etdi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Top