22:45 / 13.10.2020
11601

AQShdagi saylovlarga 3 hafta qoldi: Tramp 4 yil avval qanday g‘olib bo‘lgandi?

Roppa-rosa uch haftadan keyin AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Insoniyat boshiga kelgan eng dahshatli sinov vaqtida o‘tadigan bu galgi saylov syurprizlar taqdim etishi mumkin. Bu gal ko‘pchilik Trampning mag‘lubiyatini taxmin qilmoqda, ammo unutmaslik kerakki, o‘tgan gal ham shunday deyishgandi. Quyida AQShdagi saylovlar arafasida Tramp o‘tgan gal qanday g‘alaba qozongani eslanadi.

Foto: Reuters

Donald Tramp koronavirusga chalinib, davolanib chiqdi. U virus yuqtirgani haqidagi xabarlar dastlab odamlarni «har xil xayollar»ga undadi. «Tramp koronavirus yuqtirmagan, u yana nimanidir payida bo‘lyapti» deganlar ham, «Tramp saylovni ortga surmoqchi» deganlar ham bo‘ldi.

Tramp ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga duch kelayotgani bor gap. Xitoy bilan savdo urushi, impichment xavfi, koronavirus avj olishi, Jorj Floyd o‘ldirilishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari, Jon Bolton va Meri Trampning kitobi... Bularning barchasi Tramp saylovda Jo Baydenga yutqazib qo‘yishi ehtimolini oshirardi.

Ijtimoiy so‘rovlarda ham hozircha Baydenning ustunligi ko‘rinmoqda. So‘rovlar uning Baydendan ortda qolayotganini ko‘rsata boshlagan vaqtda Tramp g‘alati chiqishlar qila boshladi. Masalan, hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish haqidagi savolga chalg‘ituvchi javob berdi. U hatto mag‘lub bo‘lsa, saylov natijalarini tan olmasligi mumkinligini ham aytdi. Bu «qovun tushirish»dan foydalangan Jo Bayden Trampni Oq uydan harbiylar olib chiqishiga to‘g‘ri kelishini aytib hazillashgandi.

Tramp juda tez sog‘aydi va bu ko‘pchilikni ajablantirdi ham. Unda 2 oktabr kuni koronavirus aniqlangan bo‘lsa, 11 oktabr kuni OAV Tramp koronavirusdan to‘liq sog‘aygani haqida xabar tarqatdi. AQSh epidemiologik tartiblariga ko‘ra, koronavirusning yengil shakliga chalingan odam ham kamida ikki hafta davolanishi va yana bir muddat o‘zini o‘zi yakkalab yashashi kerak. Lekin Tramp davolanib, tuzalgandan so‘ng darhol ishga chiqib ketdi. Tabiiyki, uning karantinda o‘tirishga vaqti yo‘q. Axir saylov yaqin, hozir o‘tiradigan vaqt emas. U bemalol davolanib, keyin karantinga ketib, «malinali kompotni ichgachgina» safga qaytsa, saylov o‘tib ketardi. Tramp Floridada chiqish qilib, tarafdorlariga ularni «mehr bilan o‘pmoqchi ekani»ni ham aytdi.

Amerikacha saylov
AQShdagi saylov tizimi boshqa mamlakatlardagidan keskin farq qiladi. Shuningdek, tan olish kerak, bu dunyodagi eng qiziqarli saylov bo‘ladi. Prezidentlikka nomzodlar saylovdan bir necha oy ilgari siyosiy partiyalar tomonidan tanlab olinadi. Bunda bitta partiyadan bir necha nomzod tanlanishi ham mumkin. Shundan so‘ng praymeriz – oraliq saylovlar o‘tkaziladi. Praymeriz yakuniga ko‘ra, partiya ichida yagona nomzod aniqlanadi va uning nomzodi prezidentlik uchun ilgari suriladi.

AQShda fuqarolar prezidentni to‘g‘ridan to‘g‘ri saylamaydi. Shtatlar aholisi nomzodga emas, balki vakillar (delegatlar) uchun ovoz beradi. Vakillar turli shtatlarning aholisi sonidan kelib chiqib belgilanadi. Masalan, aholisi 40 million atrofida bo‘lgan Kaliforniya shtati 55ta ovozga ega va bu yerda aholi 55 nafar delegat uchun ovoz beradi. Aholisi 1 million atrofida bo‘lgan Montana shtati esa 3ta ovozga ega. Keyingi bosqichda ana shu uch delegat shtat nomidan prezidentni saylaydi.

AQShdagi 50ta shtat saylov masalasida uchga bo‘lingan. Shtatlarning bir qismi azaldan respublikachilarni, yana bir qismi demokratlarni qo‘llab keladi. Respublikachilarni qo‘llaydigan shtatlar soni demokratlarni qo‘llaydigan shtatlar sonidan ancha ko‘p. Ammo ularning aksariyatida aholi soni kamligi uchun delegatlar ham kam. Demokratlarni qo‘llaydigan shtatlarda esa aholi soni ko‘p va shunga yarasha delegatlar ovozi ham.

Masalan, demokratlarni (ayni damda Baydenni) qo‘llaydigan shtatlar orasida AQShda aholisi eng ko‘p shtat hisoblangan Kaliforniya ham bor va bu shtat jami 55ta delegat ovoziga ega hisoblanadi. Respublikachilarni qo‘llaydigan shtatlar orasida eng ko‘p delegatga ega shtat – bu Texas. Bu shtat jami 38ta delegat ovoziga ega.

12ta shtat esa har ikki partiyaga ham «qattiq yopishib olmagan». U yerdagilar qaysi nomzod o‘z saylovoldi dasturida ildamlik qilsa, raqibiga qaraganda AQShni yaxshiroq boshqarish va mamlakatni yanada rivojlantirishga ishontira olsa, o‘sha nomzodga ovoz beradi. Bular Kolorado, Florida, Ayova, Michigan, Nevada, Nyu-Hempshir, Nyu-Mexiko, Shimoliy Karolina, Ohayo, Pensilvaniya, Virjiniya va Viskonsin shtatlari. Ushbu shtatlar jami 161ta vakillar ovoziga ega. Qaysi nomzod bu shtatlarda ko‘proq muvaffaqiyatga erishsa, o‘sha nomzodning imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Betaraf shtatlar orasida Florida eng ko‘p vakillar ovoziga ega – 29ta. Bu ham saylovdagi eng muhim shtatlardan va oldingi saylovlarda Trampning g‘alabasida ushbu shtatdagi ustunlik muhim rol o‘ynagan. Undan keyin Pensilvaniya shtati joylashgan – jami 20ta vakillar ovozi. «Tebranuvchi» betaraf shtatlarda natija saylov kompaniyasi oxirigacha ham aniq bo‘lmaydi. Shuning uchun nomzodlar bu shtatlarga o‘z e'tiborlari va mablag‘larini ayamaydi. Tramp endi kasaldan tuzalgan bo‘lsa ham, bejizga Floridadagi tarafdorlari bilan uchrashuvga borishga intilmayapti.

Tramp qanday g‘olib bo‘lgandi?
2016 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Donald Tramp demokratlar vakili Hillari Klintonni aynan AQShdagi murakkab va o‘ziga xos saylov tizimi evaziga mag‘lub etgandi. O‘shanda Klintonni qo‘llagan amerikalik saylovchilar soni Trampning tarafdorlari sonidan 2,5 milliondan ko‘proq bo‘lgan, lekin Tramp delegatlar ovozi soni ko‘pligi evaziga g‘olib bo‘lgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 306 nafar delegat Trampga, 227 nafar delegat esa Klintonga ovoz bergan. Umumiy ovozlar soni butunlay boshqacha bo‘lgan: 65,8 milliondan ortiq kishi (46,1 foiz) Klintonga, 62,9 milliondan ortiq kishi (48,2 foiz) Trampga ovoz bergan. Hatto Gari Jonsonga 4,5 millionga yaqin amerikalik ovoz bergan.

Trampning g‘alabasidan keyin AQShda juda ko‘p gaplar bo‘ldi. Buni halokat deb ham atashdi, sharmandalik ham deyishdi, lekin mantiqan olib qaraganda, Tramp chinakam taktika evaziga saylovda g‘olib bo‘lgandi. Axir saylov ham taktik o‘yin, shunday emasmi? To‘g‘risiyam-da, dunyoda AQSh prezidentidan kattaroq lavozim bormi? Yo‘q, albatta. Shunday ekan, bu intilsa arziydigan rutba va siyosatchilar unga erishish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishadi.

Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida aniq aytgan gaplari evaziga g‘alaba qilgandi. Masalan, u AQSh ko‘proq o‘zining ichki muammolari haqida o‘ylab, xalqaro politsiyachilik vazifasidan chekinishi kerakligini aytgandi. Bu esa mamlakatning trillionlab dollar pullari qaysidir mamlakatdagi harbiy amaliyotlarga emas, amerikaliklar uchun sarflanadi degani edi. To‘g‘ri, Tramp vaqtida ham harbiy harakatlar to‘xtab qolmadi, lekin o‘sha vaqtda odamlar bunga ishonishdi.

Tramp terrorizm mavzusi navbatdagi marta dolzarb masalaga aylanganda musulmonlarni mamlakatga kiritmaslik kerakligini aytdi va islomofoblarning mehrini qozondi. Tabiiyki, AQSh viza berayotganda insonlarning e'tiqodini so‘ramayapti, biroq o‘sha vaqtda bu gap kun tartibiga chiqqan edi. Klinton Xitoyni «jang maydonida ado qilishi»ni aytayotgan vaqtda Tramp soliq islohotini va'da qildi va bu ishni amalga oshirdi ham. Klinton «dunyoni Rossiyaning ko‘ziga qorong‘i qilishi»ni va'da qilayotganda, Tramp Rossiya ham hamma qatori davlatligi, ruslar bilan ham ishlash mumkinligini aytdi, buning uchun malomatga qolgan, Putin tomonidan prezident qilingan degan nom ham orttirsa ham, aytganini qildi, Rossiyaga qo‘l uzatdi.

Tramp Klinton kabi siyosiy intellektini ko‘rsatish o‘rniga shunchaki odamlarga, saylovchilarga yaqin bo‘ldi. Ming qilsa ham, Klinton eski siyosatchi va «ming yillik elita vakili», Tramp esa tadbirkordan chiqqan va kamida odamlarga nima kerakligini bilardi. Bu esa unga katta ustunlik bergandi.

Amerikaning buyukligi nimadaligini bilasizmi? Hech kim boshqara olmaydigan xalqida. Masalan, Klinton deyarli barcha ijtimoiy so‘rovlarda ustunlik qilgandi, saylovlarning dastlabki 20 foiz natijalariga ko‘ra uning ustunligi 70 foizgacha chiqib ketdi, lekin oxirgi natija boshqacha bo‘ldi. Chunki amerikaliklar sir boy berishmaydi, hatto o‘sha o‘ta ishonchli so‘rovlarda ham. Saylov yakunida esa ustunlik Tramp tomoniga o‘tib ketdi. Buning nomini xalqning irodasi deyiladi va AQShda uni hech kim boshqara olmaydi.

Hozir ham Bayden barcha so‘rovlarda ustunlik qilayotgan bo‘lsa-da, Tramp xotirjam turibdi, chunki odamlarga nima kerakligini u yaxshiroq biladi. Albatta, saylovda har narsa bo‘lishi mumkin, lekin Tramp, shubhasiz, favorit. Negadir mamlakatda amerikaliklar tomonidan saylovda tan olingan Trampning ustunliklari haqida baralla aytilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, barchasi saylov natijalarida aks-sado berishi mumkin. Xuddi 4 yil oldingi kabi...

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top