23:22 / 13.10.2020
28709
«Bosh vazir so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda» – Monopoliyaga qarshi qo‘mita va AOKA rahbari munosabat bildirdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va ​​​​​​​Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev bosh vazir Abdulla Aripovning hukumat yig‘ilishidagi so‘zlari noto‘g‘ri talqin etilayotgani haqidagi munosabatlarini e'lon qildi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati munosabatida 12 oktyabrdagi hukumat majlisida bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan qo‘mita va «UzAuto Motors» kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish, imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirilgani aytib o‘tilgan.

«Bosh vazir boshchiligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishi va unda ko‘tarilgan masalalar bugun OAV va blogerlar o‘rtasida keng muhokama qilinyapti. Ayrim blogerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. 

Mazkur selektor yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 5 oktyabrdagi PF–6079-son Farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan.

Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlanmagan va unda qo‘mita raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovning hisoboti yoki «UzAuto Motors» kompaniyasi masalasi bo‘yicha maxsus axboroti tinglanmagan. 

Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri – davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan.

Yig‘ilishda, bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yo‘nalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, ko‘plab ijobiy va tanqidiy misollarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va «UzAutoMotors» kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi.

Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan o‘zaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik ko‘rinishga ega bo‘lib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan», deyiladi qo‘mita munosabatida.

AOKA rahbari Asad Xo‘jayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bosh vazir ishtirokidagi yig‘ilishda avvalo vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilgani haqida aytgan.

«Shu bilan birga, axborot makonida mutasaddi rahbar tomonidan aytilgan har bir so‘z ijtimoiy-siyosiy tus olishi, bu jamoatchilikni chalg‘ituvchi biryoqlama fikrlar tarqalishiga olib kelishi mumkinligi ta'kidlandi. Masalan, kuni kecha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ko‘pchilikning e'tiborida bo‘lgan sohadagi (koronavirus bemorlari masalasi – tahr.) statistik ma'lumot bir hududda haqiqatdagiga nisbatan 10 barobar kamaytirib ko‘rsatilgani to‘g‘risida fikr bildirildi. Juda katta shov-shuvga aylanib, bahs-munozara keltirib chiqargan ushbu masala yuzasidan bir qancha mutaxassislar OAV orqali tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi.

Bu oddiy statistika bilan umumiy ma'lumot orasidagi farqni tahlil qilmaslik, rasmiy axborotdagi tafovutni tekshirib ko‘rmaslik aholini sarosimaga tushirishini amalda namoyon etdi.

Statistik ma'lumotni solishtirishda ma'lumotlarni yig‘ish va umumlashtirish, statistikaga kiritish asoslari va hokazolarni hisobga olish, oxir-oqibat mutaxassis-shifokorlarning maslahatini olish lozimligi aytildi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining sotib olingan avtomobillar uchun to‘lovlarning muayyan qismini mijozlarga qaytarib berish borasidagi bayonoti ham misol tariqasida keltirib o‘tildi.

Qo‘mita bilan bog‘liq holatda ham aynan shunday – bunday hisob-kitoblar, xolislikni ta'minlash maqsadida, xorijiy konsultantlar ishtirokidagi auditorlik kompaniyalari tomonidan tasdiqlansa yaxshi bo‘lar edi. Aks holda, bu shunchaki populistik bayonotga aylanadi. Mazkur holatda bunga (hisob-kitob auditor tomonidan tasdiqlanmagan – tahr.) amal qilinmagan», deya yozgan Asad Xo‘jayev.

U internetda uchinchi shaxslar tomonidan joylashtirilgan xabarlarning OAVda ham kuzatilishidan ajablanganini qo‘shimcha qilgan. Xo‘jayev OAVni tekshirilmagan, ishonchli bo‘lmagan axborot tarqatishdan tiyilishga va faoliyatida mamlakat qonunchiligidagi talablarga amal qilishga chaqirgan.

Bungacha Kun.uz manbasi bosh vazir Abdulla Aripov 12 oktabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida «UzAuto Motors» masalasiga to‘xtalib o‘tgani, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining «UzAuto Motors» kompaniyasi faoliyati yuzasidan tekshiruviga xorijiy konsalting firma jalb etilmaganini qayd etib o‘tgani, shuningdek, qo‘mita raisi Najmiddin Sharipovning harakatlari ham tanqid ostiga olinib, uning rahbarligidagi tashkilot faoliyati populizm sifatida baholangani haqida xabar bergandi.

Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda fleshmobga sabab bo‘lgan. Blogerlar va internetning boshqa faol foydalanuvchilari «men ham populistman» sarlavhasi bilan «UzAuto Motors»ga qarshi kurashayotgan qo‘mita va deputatlarni qo‘llab-quvvatlashgan.

Ma'lumot uchun, prezidentning 2020 yil iyuldagi farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Senat va davlat rahbariga bo‘ysunuvi belgilangan.

Top