23:57 / 13.10.2020
31295
Dunyodagi vaziyat: qayta kasallanish birinchisiga qaraganda og‘irroq, JSST jamoaviy immunitet g‘oyasiga qarshi

Dunyo bo‘ylab Covid-19’dan kasallanish holatlari soni 38 millionga yaqinlashmoqda, deyarli 1,1 million kishi vafot etdi, 70 mingga yaqin bemor og‘ir va o‘ta og‘ir ahvolda. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Mutaxassislar pandemiyaning kuzgi avj olishini ta'lim muassasalarida darslar boshlanishi va odamlardagi xavf-xatar tuyg‘usi sustlashishi bilan izohlashyapti. 

Iqtisodiy sabablarga ko‘ra hukumatlar karantinni kuchaytirishda bahorga nisbatan ko‘proq qiyinchilikka duch kelishyapti. JSST insoniyat uchun yagona umidni samarali vaksina yaratilishida ko‘rmoqda. 

Covid-19’ni qayta yuqtirish holati
Nevada shtatining 25 yoshli fuqarosi Covid-19 bilan ikki marta - shu yilning aprel va iyun oylarida xastalangan, deyiladi Lancet jurnalida chop etilgan maqolada. 

Hozirda yigit sog‘aygan, ammo unda kuzatilgan holat koronavirusga qarshi immunitetning barqarorligi to‘g‘risida savol tug‘diradi. 

Ikkinchi martada kasallik og‘irroq kechgan. Bemorda kislorod yetishmovchiligi kuzatilib, uni kasalxonaga yotqizishga ehtiyoj tug‘ilgan. 

Unda hamroh kasalliklar yoki immunitet bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan va u Covid-19’ni og‘ir o‘tkazuvchi hech qanday xavf guruhiga kirmagan.

Viruslar gen kodining qiyosiy tahliliga ko‘ra, bu holda o‘sha kasallikning retsidivi emas, balki aynan qayta kasallanish holati sodir bo‘lgan.

«Bizning tadqiqotlarimiz koronavirusga chalingan odam virusni qayta yuqtirib olish xavfidan xoli emasligini isbotlamoqda», deydi Nevada shtati universiteti doktori Mark Pandori. 

Unga ko‘ra, kasallikni yengganlar ham niqob kiyish, ijtimoiy masofa saqlash va qo‘llarni tez-tez yuvish qoidalariga rioya qilishlari kerak.

Olimlar koronavirus immuniteti atrofidagi qiyin jumboqlarni yechishda davom etishmoqda: Immunitet qanchaga yetadi? Hamma, shu jumladan kasallikning yengil shakliga chalinganlarda ham bir xil darajadagi immunitet hosil bo‘ladimi?

Biroq, qayta yuqtirish bilan bog‘liq rasmiylashtirilgan holatlar juda kam uchraydi - 37 million holatdan atigi bir nechta. 

Hongkong, Belgiya va Niderlandiyadagi bemorlarda qayta kasallanish holati birinchisi kabi kechgan. Ekvadorda faqat bir odam, xuddi nevadalik singari, ikkinchi marta og‘irroq azob chekdi, ammo u kasalxonaga yotishga muhtojlik sezmagan. 

Niderlandiyada koronavirusni qayta yuqtirib olgan ayol vafot etdi, bu koronavirus bilan qayta kasallanish oqibatida yuzaga kelgan dunyodagi birinchi o‘lim bo‘lgan.

Johnson & Johnson vaksina sinovini to‘xtatdi
Johnson & Johnson kompaniyasining eng istiqbolli vaksinalaridan birini sinovdan o‘tkazish ishlari ko‘ngillilarning birida kutilmagan kasallik yuzaga kelgani tufayli vaqtincha to‘xtatildi. 
Bu aynan nimaligi noma'lum. Bemor bilan kompaniya shifokorlari va mustaqil mutaxassislar birdek ishlamoqda. 

Kasallikni aniqlash bilan Ma'lumotlarni va tadqiqotlar ishtirokchilari xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mustaqil kengash, shuningdek, kompaniyaning tibbiy xodimlari shug‘ullanmoqda.

Johnson & Johnson kompaniyasidagilarning ta'kidlashicha, klinik tadqiqotlar o‘tkazishda salbiy holatlar yuzaga kelishi kutiladi, shu sababli bu holat uchun ko‘rsatmalar bor. Bu tadqiq qilinayotgan dorilar bilan bog‘liqligi taxmin etiluvchi birorta holat yuz bergan taqdirda tadqiqotlar to‘xtatilishi mumkinligini kafolatlaydi.

Kompaniya vaksina tadqiqotlarining uchinchi bosqichiga 23 sentabr kuni kirishgan edi. Dorini Johnson & Johnson tarkibiga kiruvchi Janssen kompaniyasi ishlab chiqarmoqda. Tadqiqotlarda uchta qit'adan 60 ming nafargacha ko‘ngillilar qatnashishi  ko‘zda tutilgandi. Kompaniya vaksinaning bitta dozasi Covid-19 kasalligining oldini olishda platseboga nisbatan qanchalik samaraga ega ekanligini tekshirmoqchi edi.

Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa va dori ro‘yxatdan o‘tkazilsa, Johnson & Johnson yiliga 1 milliard vaksina dozasini chiqarishni rejalashtirmoqda.

Johnson & Johnson’dan tashqari, AQShda AstraZeneca, Moderna va Pfizer BioNTech bilan hamkorlikda o‘z vaksinalarini sinamoqda.

Hozirgi kunda dunyoda Covid-19’ga qarshi bir necha yuz vaksinalar ishlab chiqilmoqda, ulardan to‘qqiztasi, shu jumladan Rossiya vaksinasi uchinchi bosqichda. 

JSST: jamoaviy immunitet g‘oyasi axloqsizdir

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyyesus dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida koronavirus holatidagi jamoaviy immunitet strategiyasini ilmiy va axloqiy jihatdan shubhali deb atadi. 

Turli mamlakatlarda karantin ham, vaksinalar ustidagi ishlar ham keraksiz degan fikrni eshitish mumkin: ko‘pchilik kasal bo‘lguncha yuqumli kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘yib berilishi kerak, shunda pandemiya o‘z-o‘zidan tugaydi. 

Gebreyyesus insoniyat o‘zining butun tarixi davomida epidemiyalarga qarshi harakatsizlikni emas, balki qattiq kurash yo‘lini tanlaganini eslatdi.

«Tarixda hali hech qachon jamoaviy immunitet pandemiya uyoqda tursin, birorta kasallikning ham avj olishiga qarshi kurash strategiyasi sifatida qo‘llanilmagan. Bu ham ilmiy yondashuv jihatidan, ham axloqiy jihatdan muammolidir», dedi JSST rahbari.

Bundan tashqari, Gebreyyesus shifokorlarda hozircha koronavirusga nisbatan immunitet haqida unchalik ko‘p ma'lumot yo‘qligini qayd etib o‘tgan. Masalan, kasal bo‘lib o‘tgan odamda immunitet qancha vaqt saqlanishi hozircha aniq emas. Bundan tashqari, hatto hozir ko‘pchilik mamlakatlarda jamoaviy immunitet darajasiga yetishgacha ancha bor – o‘rtacha olganda kasal bo‘lib o‘tganlar ulushi 10 foizdan kamroqni tashkil etadi.

Hozirgi vaqtda dunyo aholisining atigi yarim foizigina koronavirus bilan kasallangan, shuning uchun jamoaviy immunitet haqida gapirishga juda erta, o‘limlar soni esa allaqachon milliondan oshgan. 

Covid-19 Britaniyaga yarim million ish o‘rniga tushdi

Avgust oyida Buyuk Britaniyada mehnatga layoqatli aholi o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 4,5 foiziga yetdi, bu so‘nggi uch yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichdir. May oyida bu ko‘rsatkich 4,1 foizni tashkil etgan.

Bir yarim million odam ish izlamoqda. Mart oyidan beri bu ko‘rsatkich 500 mingga o‘sdi. 

Iyul-avgust oylarida ishdan bo‘shatilganlar soni 227 mingtani tashkil etdi - bu 2009 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich.

Citibank prognozlariga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, keyingi yozga qadar Britaniyadagi ishsizlik darajasi 8,5 foizga yetishi mumkin. 

Milliy statistika byurosi direktorining o‘rinbosari Jonatan Etou buni to‘g‘ridan to‘g‘ri koronavirus pandemiyasi bilan bog‘laydi. 

BBC bilan suhbatda u mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish va sayyohlik sohalari hamda 16-24 yoshdagi yoshlar ko‘proq zarar ko‘rganini aytdi.

«Men boshidanoq, biz afsuski, har bir ish joyini saqlab qolishga qodir emasligimizni chin dildan ta'kidlagandim», dedi moliya vaziri Rishi Sunak. 

Olingan hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, 21 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Buyuk Britaniya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi koronavirus bo‘yicha ekspertlar guruhi (Sage) kasallik ko‘payishini sekinlashtirish uchun ikki-uch haftaga karantin kuchaytirilishini taklif qilgan, ammo hukumat iqtisodiy sabablarga ko‘ra bunga rozilik bermagan. 

Leyboristlar muxolifati bu xabarni qo‘rqinchli deb atadi, ammo Dauning-strit qabul qilingan choralar samarali amalga oshirilsa kifoya, deb ta'kidlamoqda. 

Bosh vazir Boris Jonson dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida do‘konlar va ta'lim muassasalari yopilmasligini ma'lum qildi. 

Mutaxassislarning takliflari qatorida barcha bar, restoran, kafe, fitness-klub va sartaroshxonalarni yopish, maktab o‘quvchilari va talabalarni masofadan o‘qitishga o‘tkazish hamda fuqarolarning bir-birinikiga mehmonga bormasliklarini qat'iy tavsiya etish kiritilgan. 

17 sentyabrdagi alohida hujjatda Sage restoran va qovoqxonalar faoliyatini qisman cheklash (soat 22:00gacha) samarasiz ekanligini ko‘rsatib o‘tgan.

Hozirgi kunda hukumat tomonidan ishlab chiqilgan mezonlarga muvofiq, barcha shahar va mintaqalarga epidemiologik xavflilikning uchta darajasidan biri - yuqori, o‘rta yoki past darajalari berilgan.

Hududlarning aksariyati o‘rta darajada. 

Liverpul chorshanba kunidan eng yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, bu uning aholisi uchun deyarli to‘liq lokdaunni anglatadi. 

Vaksina sinovlari ozchilikni tashkil qiluvchi ko‘ngillilar va qariyalar zarur
Britaniyada ishlab chiqarilgan vaksinalarni sinovdan o‘tkazishda ishtirok etish uchun etnik ozchilikni tashkil etuvchi guruh a'zolari va 65 yoshdan katta yoshli ko‘proq ko‘ngillilar zarur, dedi Oksford vaksinalar guruhining bosh tadqiqotchisi Maneshi Ramasami. 

Olimlar vaksinalarning barcha aholi uchun samarali bo‘lishiga ishonch hosil qilishi kerak. 

Hozirga qadar ko‘ngilli sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 270 ming kishi orasida etnik ozchilik vakillari atigi 7 foizni tashkil qiladi.

Ayni paytda, hali aniqlanmagan sabablarga ko‘ra, ular Covid-19’ni og‘irroq holatda boshdan kechirishadi va ular orasidagi o‘lim darajasi yuqori. Shuning uchun, doktor Ramasamining so‘zlariga ko‘ra, ommaviy emlash boshlangunga qadar vaksinaning aynan ular uchun samaradorligini aniqlash muhim.

Sinov ishtirokchilari sonini 500 mingga yetkazish rejalashtirilgan. 

Hozirda Britaniyada sinovlarning turli bosqichlarida oltita turli xil vaksinalar mavjud.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top