23:27 / 13.10.2020
7728

“Formula-1” chempioni dunyodagi eng tezyurar elektrokarni sinovdan o‘tkazdi (video)

2016 yilgi “Formula-1” chempioni Niko Rosberg Germaniyadagi Nyurburgring trassasida dunyodagi eng tezyurar elektrokar hisoblanuvchi Volkswagen ID.R’ni sinovdan o‘tkazdi.  

Rosbergning ta'kidlashicha, u mashinaning tor kabinasiga o‘tirgach, dastlab unda klaustrofobiyaga o‘xshash his paydo bo‘lgan, biroq masofani o‘ta boshlagach, o‘zini “uydagidek” his qila boshlagan.

Poygachining ta'kidlashicha, Volkswagen ID.R “Formula-1” bolidi kabi tezkor emas, biroq yaxshi boshqariladi va katta bosish kuchiga ega.

Volkswagen ID.R jami 680 ot kuchi beruvchi ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Mashina og‘irligi 1100  kg keladi. Avtomobil to‘liq quvvatlangan batareyalar, ideal asfalt va shamol yo‘q bo‘lgan sharoitda joyidan 100 km/soat tezlikkacha 1,65 soniyada erisha oladi. Ushbu mashinada umumiy hisobda 5 ta tezlik rekordi o‘rnatilgan. 

Jumladan, unda poygachi Diter Depping Germaniyadagi Blister Berg avtodromi uchun tezlik rekordini o‘rnatgan: poygachi 4,2 kmlik masofani 1 daqiqa 24 soniyada bosib o‘tgan. 

Bundan tashqari, elektrokar AQShdagi Payks-Pik tog‘iga chiqish bo‘yicha musobaqalarda rekord o‘rnatgan. Shuningdek, mashinaga Nyurburgringni o‘tish rekordi tegishli.

Mavzuga oid
Top