16:18 / 13.10.2020
25746

Namangandagi «Afsonalar vodiysi»da xonaqohi 4,5 ming o‘rinli masjid qurilmoqda

Namangan shahrida yana bir yirik masjid qad rostlamoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» istirohat bog‘i hududida noodatiy loyihali masjid qurilmoqda.

Masjid 20 ming kv/metr joyda qad rostlayotgan bo‘lib, unga ajratilgan umumiy maydon 4 gektarni tashkil etadi. Shundan 2 gektari avtoturargoh uchun mo‘ljallangan.

Masjidda bir vaqtning o‘zida 15 ming namozxon ibodat qilishi mumkin. Xonaqohning o‘ziga 4,5 ming kishi sig‘adi.

2 gektar masjid hududi issiq pol texnologiyasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida 100 kishiga xizmat qiladigan tahoratxona ham bitish arafasida.

Qurilish to‘liq monolit uslubda amalga oshirilmoqda, umuman beton plitalar ishlatilmagan.

Masjidda uchta gumbaz bor: ikkita yonda va bitta asosiy gumbaz. Asosiy gumbazning aylanasi 26 metr bo‘lib, balandligi yerdan hisoblaganda 25 metrni tashkil etadi. Ikki kichik gumbazining aylanasi esa 11 metr, balandligi 20 metr.

Gumbazlari orasida ikki minora bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ular qad rostlaganda, balandligi 50 metrga yetadi.  Hozirda masjidda qurilish ishlari olib borilmoqda.

Top