23:47 / 13.10.2020
6665
Pandemiya sababli yopilgan Machu-Pikchu unga tashrif buyurishni 7 oy kutgan sayyoh uchungina ochildi 
Foto: Instagram/jessekatayama

Pandemiya vaqtida tashriflar uchun yopilgan Perudagi Machu-Pikchu qadimiy shahri birgina yaponiyalik Jyessi Katayama uchun ochildi. U qadimiy shaharga 7 oy ichida tashrif buyurgan birinchi sayyoh bo‘ldi.

26 yoshli Katayama mart oyida Machu-Pikchuga tashrif buyurishni va Peruda bir necha kun o‘tkazishni rejalashtirgan. Biroq koronavirus pandemiyasi sababli u Machu-Pikchu yaqinidagi Aguas-Kalentes shahrida qolib ketgan. Yaponiyalik sayyoh pandemiya sababli kiritilgan cheklovlar sababli Janubiy Amerikaning boshqa shaharlariga ham tashrif buyura olmagan va qadimiy shaharni ko‘rish ilinjida shaharda 7 oy qolib ketgan.

“Men har kun ertalab yugurishga chiqaman va uzoqda Machu-Pikchuni ko‘raman. Men u yerga hech qachon borolmasam kerak deb o‘ylardim. Biroq rostini aytsam, bundan uncha xafa ham bo‘lmasdim, chunki bu yerda ajoyib vaqt o‘tkazdim”, deb aytib bergan o‘zi bilan yuz bergan voqeani Katayama.

CNN telekanalining xabar berishicha, yaponiyalik vatanida boks bo‘yicha murabbiy bo‘lgan. U o‘zga yurtda uzoq vaqt qolib ketgani sababli “o‘sha yerlik”ka aylanib ketgan va mahalliy bolalar uchun boksdan mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Sayyohning pullari tugay boshlagandan keyin u orzusi ushalmaganiga tan berib, vataniga qaytish taraddudiga tushgan. Biroq bundan oldin u mahalliy turistik kompaniyaga murojaat qilib, o‘zi bilan yuz bergan voqeani so‘zlab bergan. 

Peru madaniyat vazirligi yaponiyalikka peshvoz chiqib, unga qadimiy shaharga kirish uchun maxsus ruxsatnoma olishida yordam bergan. Shundan keyin Katayamaning orzusi ushalib, u YuNeSKO jahon merosi obekti hisoblanuvchi shaharga 7 oy ichida tashrif buyurgan birinchi sayyohga aylangan. Unga ikki fotosuratchi va Machu-Pikchu bog‘i rahbari hamrohlik qilgan.

XV asrda inklar tomonidan tog‘lar orasida barpo etilgan Machu-Pikchu pandemiya sababli hamon sayyohlar uchun yopiq qolmoqda. Biroq mahalliy hukumat uni noyabrdan ochishni rejalashtirmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top