08:33 / 13.10.2020
14583

Paxta terimi mavsumida majburiy mehnatdan aziyat chekkan 650 nafardan ortiq fuqaro aniqlandi – Mehnat vazirligi

2020 yilgi paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlari tomonidan monitoring va o‘rganishlar davom etmoqda.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

2020 yilning 10 oktabr holatiga respublikaning 138dan ortiq hududida 726dan ziyod monitoring hamda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan 60dan ortiq xabar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Monitoring jarayonida majburiy mehnatdan aziyat chekkan 650 nafardan ortiq fuqaro aniqlanib, 18ta mansabdor shaxsga nisbatan majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun 205 mln 160 ming so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, Surxondaryo viloyati Boysun tumani hamda Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshliqlari 30 nafardan ortiq xodimini paxta yig‘im-terimiga majburiy ravishda jalb qilingani yuzasidan ma'muriy jarimaga tortildi.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Xalq ta'limi bo‘limi mudiri va Jarqo‘rg‘on tumani “Xalq banki” rahbarlari ham majburiy mehnatga yo‘l qo‘yib berganligi uchun qonuniy javobgarlikdan chetda qolmadi.

Respublikaning barcha tuman (shahar)larida band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar, terimchilar uchun yaratilgan munosib mehnat hamda dam olish sharoitlari, terim pullarining o‘z vaqtida va belgilangan me'yoriy summada berilayotganligi o‘rganilganda, 72ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan munosib mehnat sharoitlari yaratilmagani uchun ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.

Toshkent viloyatida 19ta, Xorazm viloyatida 12ta, Buxoro viloyatida 6ta, Namangan viloyatida 8ta va Surxondaryo viloyatida 7ta fermer xo‘jaligi rahbarlari munosib mehnat sharoitlari yaratmagani, terimchilar bilan mehnat shartnomalari tuzmagani va paxta terimi pullarini o‘z vaqtida bermagani uchun ma'muriy jarimaga tortildi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, o‘rganish natijalaridan norozi bo‘lgan mansabdor shaxslarning ma'muriy ish hujjatlari qonunchilikka muvofiq tegishli chora ko‘rish maqsadida ma'muriy sudlarga taqdim etilmoqda.

Xorazm viloyatida 4ta holatda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1ta holatda, Namangan viloyatida 4ta holatda mehnat qonunbuzilishlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli ma'muriy sudlarga taqdim etildi.

Fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida aniqlangan mehnat qonunbuzilishlari yuzasidan Surxondaryo viloyatida joylashgan 4ta fermer xo‘jaligi va klasteriga, Jizzax viloyatida joylashgan 4ta davlat tashkilotlariga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan 1ta fermer xo‘jaligiga yozma ko‘rsatmalar berildi, majburiy mehnat holatlarini oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 1ta taqdimnoma kiritildi.

Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 165ta murojaat kelib tushgan. Kelib tushayotgan murojaatlarning eng ko‘pi Qashqadaryo viloyatida 24ta, Toshkent viloyatida 20ta, Namangan viloyatida 23ta, Jizzax viloyatida 17ta va boshqa hududlarga to‘g‘ri keladi.

“Majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 200-06-00 Ishonch telefoniga hamda dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qiling va o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklang”, – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top