15:00 / 13.10.2020
5540

SamDTIda xorijlik talabalar 500 nafarga yetishi kutilmoqda. Yetmishdan ortiq xalqaro institutlar bilan hamkorlik o‘rnatilgan

Samarqand davlat tibbiyot instituti mazkur o‘quv yilida institutdagi xorijlik talabalar sonini 500 nafarga yetkazmoqchi. Hozirga qadar SamDTIda o‘qish istagini bildirib, 350 nafar xorij fuqarolari hujjat topshirgan.

E'tirof etmoq kerak, Samarqand davlat tibbiyot institutining xalqaro miqyosda nufuzi so‘nggi yillarda yaxshilanib bormoqda. Xususan, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Slovakiya, Portugaliya, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Bolgariya, Gruziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindistondagi 70 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Hamkorlik doirasida institutda yangi qo‘shma ta'lim dasturlari tashkil etilgan. Ushbu dasturlar doirasida 2020/2021 o‘quv mavsumidan boshlab 6 ta bakalavriat va 9 ta magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha qabul rejalashtirildi.

Qo‘shma bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari quyidagi xorijiy hamkor ta'lim muassasalari bilan birgalikda amalga oshiriladi:

Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda:

* Davolash ishi;

* Pediatriya;

* Stomatologiya.

Chuvashiya davlat universiteti (Rossiya) bilan hamkorlikda:

* Klinik psixologiya.

Lyuis milliy universiteti (Polsha) bilan hamkorlikda:

* Sog‘liqni saqlash menejmenti.

Ternopol milliy tibbiyot universiteti (Ukraina) bilan hamkorlikda:

* Oliy hamshiralik ishi.

Qo‘shma magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta'lim quyidagi xorijiy hamkor oliy ta'lim muassasalari bilan amalga oshiriladi:

Belarus davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda:

* Otorinolaringologiya;

* Travmatologiya va ortopediya;

* Stomatologiya (mutaxassisliklar bo‘yicha);

* Instrumental va funksional tekshirish usullari (mikrobiologiya va virusologiya);

* Instrumental va funksional tekshirish usullari (tibbiy bioximiya);

* Farmakologiya mutaxassisliklari.

Samarqand davlat tibbiyot institutiga xorijiy talabalarni jalb qilish bo‘yicha ham investor tashkilotlar bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, 2020/21 o‘quv mavsumida institutda tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 500 nafargacha yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, institutda xalqaro qo‘shma dasturlar va xorijiy talabalar soni oshgani sabab, xalqaro ta'lim fakulteti ham tashkil etildi. Ushbu fakultet yo‘lga qo‘yilayotgan yangi dasturlarni muvofiqlashtirib boradi.

Samarqand davlat tibbiyot institutida talabalarni rag‘batlantirish maqsadida rektor stipendiyasi joriy etildi. Bu borada institut ilmiy kengashi qaror qabul qilgan.

Shuningdek, o‘z ustida ishlagan o‘qituvchilar ham oliygoh tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Ilmiy izlanuvchi pedagoglar «Skopus» tizimidagi xalqaro jurnallarda chop etilgan har bir maqolasi uchun 3 million so‘mdan qalam haqi olishadi.

Umuman olganda, institut bugun nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki ilm olish istagini bildirgan O‘zbekiston va xorijlik yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish, zamonaviy oliy o‘quv yurti maqomiga tom ma'noda erishish maqsadida bor imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Aytish lozim, institut jamoasi yaqin yillarda dunyodagi eng kuchli mingta oliy o‘quv yurtining biriga aylanishni maqsad qilgan.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Top