09:23 / 14.10.2020
7867
AQShda koronavirusga qarshi yana bir vosita sinovi to‘xtatildi

AQShning Eli Lilly farmatsevtik kompaniyasi koronavirusni davolash uchun mo‘ljallangan zardob ACTIV-3’ning klinik sinovlarini to‘xtatdi. Ta'kidlanishicha, bu qaror xavfsizlik choralari bilan bog‘langan. 

Foto: Reuters

Kompaniya matbuot kotibi Molli Makkallining ma'lum qilishicha, ma'lumotlar xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mustaqil komissiya vositaning ro‘yxatdan o‘tkazilishini to‘xtatishga chaqirgan. Makkalli sinovlar to‘xtatilganining aniq sabablarini ma'lum qilmagan, biroq kompaniya komissiya tomonidan tadqiqot ishtirokchilari xavfsizligini o‘ylab qabul qilingan ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 

Koronavirusga qarshi antitanalar negizidagi zardob ishlab chiqilishi AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu vosita AQSh prezidenti Donald Trampni koronavirusdan davolashda qo‘llangan Regeneron kompaniyasining antitanalar kokteyli muqobili hisoblanadi. Biroq ushbu vositalarning bir-biridan farqi shundaki, Eli Lilly vositasi bir turdagi antitanalardan, Regeneron’niki esa ikki turdagi antitanalardan iborat. 

ACTIV-3’ning sinovlari avgustda boshlangan va ularda AQSh, Daniya hamda Singapurda 10 ming kishi ishtirok etmoqda.

Bir kun avval AQShning Johnson & Johnson kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinasining sinovlarini to‘xtatganini ma'lum qilgandi. Bunga sinovlar ishtirokchilaridan biri noma'lum kasallikka chalingani sabab bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top