20:13 / 14.10.2020
13128
Eksport rejalari va investitsiya loyihalarining bajarilishi tanqidiy tahlil qilindi

14 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi hamda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalar ijrosini tanqidiy ko‘rib chiqish, yangi o‘sish nuqtalarini belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Xitoy va Janubiy Koreya O‘zbekistonning strategik sheriklaridir. Ikki davlat bilan ham oliy darajadagi tashriflar doirasida keng ko‘lamli kelishuvlarga erishilgan, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, gumanitar va boshqa sohalardagi loyihalarni qamrab olgan «yo‘l xaritasi» qabul qilingan.

Lekin koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyoti uchun kutilmagan sinov bo‘ldi. Karantin cheklovlari tashqi savdo aloqalarining qisqarishiga, transport qatnovlari kamayishiga, investitsiya loyihalari kechikishiga olib kelmoqda.

Davlat rahbari 6 oktabr kuni Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je In bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqotda qo‘shma dastur va loyihalarni tezlashtirish hamda ularni amalga oshirishda ko‘maklashish, kerak bo‘lsa, imtiyozli kreditlarni oshirish yuzasidan kelishib olindi. Yil oxiriga qadar davlat rahbarlari ishtirokida onlayn sammit o‘tkazilishi belgilandi.

Xitoy bilan ham aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinning mamlakatimizga bo‘lajak davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shu yilning 8 oyi davomida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 4 milliard dollarga, Janubiy Koreya bilan 1,4 milliard dollarga yetdi.

Yig‘ilishda prezident bu davlatlar bilan hamkorlik bo‘yicha imkoniyatlar ko‘pligi, lekin hozirgi natijalar yetarli darajada emasligini ta'kidladi. «Yo‘l xaritalari» ijrosi oqsayotgani, ish tizimli olib borilmayotgani jiddiy tanqid qilindi.

Bu yil ayrim sohalarda eksport ko‘rsatkichlari pasaygan. Jumladan, Xitoyga o‘tgan sakkiz oyda to‘qimachilik sohasida 42,3 foizga, kimyo va neft-kimyo sanoatida 33,1 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishda 18,1 foizga kamaygan.

Shu davrda Janubiy Koreyaga eksport bo‘yicha Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda tarmoq va hudud rahbarlari eksportning ahamiyatini hanuz chuqur tushunib yetmayotgani, ularning bu boradagi ish uslubi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

«Har bir tarmoq va hudud rahbari o‘z mahsulotlarining raqobatdoshligini oshirish, tannarxini tushirish va ularni tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha yangi, samarali takliflar ishlab chiqib, bu masalalar bilan doimiy shug‘ullanishi shart», – dedi prezident.

Xitoyning ochiq iqtisodiy siyosati va mamlakatimizning qulay geografik joylashuvidan samarali foydalanish, Janubiy Koreya bozoriga yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni aviatransport orqali tashish muhimligi aytib o‘tildi.

XXR va Koreya Respublikasi mamlakatimizning yirik investorlari ham hisoblanadi. Xususan, oxirgi uch yilda Xitoydan 3,9 milliard, Janubiy Koreyadan 850 million dollar sarmoyalar o‘zlashtirilgan.

Lekin ayrim investitsiya loyihalari ijrosi kechikmoqda.

Yig‘ilishda shunday loyihalar tarmoq va viloyatlar kesimida tanqidiy muhokama qilindi. Muddatidan ortda qolayotgan yoki to‘xtab qolgan loyihalarni chuqur tahlil qilgan holda, ularni jadallashtirish va ishga tushirish choralari belgilandi. Shu bilan birga, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Xitoy hamda Janubiy Koreyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalarni jalb qilishni ko‘zda tutuvchi yangi loyihalarni shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Transport, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarning borishi ham ko‘rib chiqildi.

Xitoy va Janubiy Koreya bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi yo‘nalishlar topish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ularning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Bugun zamon o‘zgaryapti, talab o‘zgaryapti. Hamma tarmoqlar tahlil qilinmoqda. Ularni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilyapmiz. Natija ham shunga mos bo‘lishi kerak. Iqtisodiy barqarorlikning kafolati – eksport va investitsiya ko‘rsatkichlarini oshirish», deya ta'kidladi prezident.

Videoanjuman ko‘rinishida o‘tgan yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va O‘zbekistonning chet mamlakatlardagi elchilari ishtirok etib, eksport va investitsiya loyihalaridagi qoloqlikni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobot berdi.

Mutasaddilarga barcha qo‘shma loyihalarni tanqidiy ko‘rib chiqqan holda, ularni tezlashtirish va belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish bo‘yicha yangilangan «yo‘l xaritalari» tayyorlash hamda kelgusi yil uchun yangi istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Top