17:55 / 14.10.2020
2272
Koronavirusga qarshi dori vositalari ishlab chiqarilishi va olib kirilishidagi imtiyozlar haqida ma'lumot berildi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova dori-darmon savdosi va aptekalar faoliyatiga oid savollarga javob qaytardi.

«Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga dori vositalari ishlab chiqarish uchun xomashyo va butlovchi qismlarni import qilishda nol stavka asosida olib kirish, yashil yo‘laklar ochish kabi imtiyozlar berilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida raqobatbardosh narxlar shakllantirilishiga olib keldi.

Undan tashqari, koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llanadigan, respublika hududida ishlab chiqarilmaydigan ayrim dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni olib kirishda byurokratik to‘siqlarni (registratsiya, sertifikatsiya) olib tashlash yo‘li bilan import qilish amalga oshirib kelinmoqda. Bunda dori vositalarni sertifikatsiyalash muddati 5 ish kunini tashkil etadi.

Tibbiy buyum, tibbiy texnikalar, shu jumladan, kislorod konsentratorlari, biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari importi bilan shug‘ullanuvchi va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llanadigan ro‘yxatdagi dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan dori moddalarini (substansiyalar) import qilganda, 2021 yil 1 martga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Yuqoridagi imtiyozlar tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan, avval ishlab chiqarilmagan koronavirusni davolashda samarali deb topilgan dori preparatlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi misol bo‘la oladi.

Bu esa import qilinayotgan analoglaridan bir necha barobar arzon narxda ishlab chiqarish va aholini hamyonbop dori vositalari bilan ta'minlash imkonini yaratdi», dedi agentlik vakili.

Top