21:32 / 14.10.2020
17206

Samsung o‘zining eng arzon 5G-smartfonini taqdim etdi

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Samsung A42 5G kompaniyaning eng arzon 5G-smartfoni hisoblanadi – uning narxi 455 dollarni tashkil etadi.

Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi 5G tarmog‘ida ishlaydigan Samsung A42 5G smartfoni taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.

Qurilmaga Snapdragon 750G protsessori o‘rnatilgan. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Samsung A42 5G kompaniyaning eng arzon 5G-smartfoni hisoblanadi – uning narxi 455 dollarni tashkil etadi. Nashrning yozishicha, yangi smartfon Pixel 4A 5G va OnePlus Nord modellariga raqobatchi bo‘ladi.

Smartfon 6,6 dyuymli OLED-ekranga ega. Uning selfi-kamerasi 20 megapiksel, orqa panelidagi to‘rtta kamera esa 48, 8, 5 va 5 megapiksel. Samsung A42 5G to‘rtdan sakkiz gigabaytgacha tezkor xotira va 128 gigabayt doimiy xotirali modellarda sotuvga chiqadi. Akkumulyatori sig‘imi 5000 milliamper-soatga teng.

Yanvar oyida TechRadar nashri eng arzon 5G-smartfon Xiaomi Mi Mix 5G ekanligini yozgandi. Uning narxi 300 dollar bo‘lib, 2019 yil may oyida sotuvi boshlangan vaqtda 500 dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid
Top