20:58 / 14.10.2020
5214

“Soyuz” kemasi 3 fazogir bilan Xalqaro koinot stansiyasiga uchirildi

Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan “Soyuz MS-17” kemasi va 3 fazogir bilan birga “Soyuz-2.1a” raketasi orbitaga uchirildi. 

Foto: TASS

Raketa Toshkent vaqti bilan soat 10:45da fazoga uchirilgan. Parvoz startidan 8 daqiqa o‘tib “Soyuz MS-17” kemasi raketaning 3-pog‘onasidan ajralib, XKS tomon yo‘l olgan. 

Kema birinchi marta XKSga o‘ta qisqa trayektoriya bo‘yicha uchdi va bunga 3 soatga yaqin vaqt ketdi. Kema soat 13:38da XKSning Rossiyaga qarashli segmentidagi “Rassvet” moduliga birikkan.

XKSga rossiyalik fazogirlar Sergey Rijikov va Sergey Kud-Sverchkov hamda amerikalik astronavt Ketlin Rubins uchgan. Ular orbitada 177 kun qolishadi. Fazogirlar bu vaqt davomida 55 ta ilmiy tajriba o‘tkazishadi va 2 marta ochiq fazoga chiqishadi. 

Ayni vaqtda XKSda rossiyalik Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner hamda amerikalik Kris Kessidi faoliyat olib bormoqda. Ular 22 oktyabrda Yerga qaytishlari rejalashtirilgan.

E'tiborlisi, “Soyuz MS-17” XKSga Rossiyaga qarashli modulda havoning tashqariga sizib chiqishi joyini aniqlash va uni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan qurilmani yetkazgan. 

20 avgustda Roskosmos XKSda havoning sizib chiqayotgani qayd qilinganini ma'lum qilgan. O‘shandan beri XKS ekipaji havo sizib chiqayotgan joyni topishga va uni bartaraf etishga urinib kelmoqda.

Mavzuga oid
Top