00:29 / 15.10.2020
9734

2 yildan buyon Mehribonlik uylari bitiruvchilariga nafaqa to‘lanmayapti. Rasmiylar izoh berdi

So‘nggi 2 yildan buyon Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga 11-sinfni tugatganda BHMning 100 baravari miqdorida nafaqa to‘lanmay kelinmoqda. Moliya mas'ullari buni 2018 yilda, 11 yillik umumiy o‘rta ta'lim tizimiga qaytilgan paytda tegishli nizomga o‘zgartirish kiritilmay qolgani bilan izohladi.

Foto: KUN.UZ

14 oktabr kuni Toshkent shahar hokimligida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a'zolari, poytaxt deputatlari va boshqa mas'ullar ishtirokida majlis bo‘lib o‘tdi. Unda Mehribonlik uylari bitiruvchilari masalasida so‘z bordi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi 2 yildan buyon Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga 11-sinfni tugatganda BHMning 100 baravari miqdorida nafaqa to‘lanmay kelinmoqda.

Toshkent shahar Moliya bosh boshqarmasining tushuntirishicha, bunga sabab – tegishli Nizomga 2013 yilda o‘zgartish kiritilganidir.

2002 yilda qabul qilingan 1187-sonli Nizomga ko‘ra, to‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalarga ular barcha turdagi umumta'lim maktablarini bitirib chiqayotganda va ishga joylashayotganda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun EKOIHning 100 baravarigacha miqdorda nafaqa beriladi.

Moliyachilarning izohlashicha, 11-sinflar bekor qilinib, kollej va litseylar joriy qilingani sababli 2013 yilda «11-sinfni bitirib» degan so‘zlar Nizomdan chiqarib tashlangan. 2018 yildan esa O‘zbekistonda 11 yillik umumiy ta'limga qaytildi.

«Agar Nizomga tegishli o‘zgartirish kiritilsa, Mehribonlik uyi bitiruvchilariga pul to‘lab beriladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligiga ham bizning boshqarmamiz tomonidan xat yo‘llangan. Vazirlar Mahkamasiga ham ushbu taklif kiritilgan. Nizomga o‘zgartirish kiritilsa, Mehribonlik uyidagilar ishga kirgandan keyin ham pullari to‘lab beriladi», – dedi Toshkent shahar Moliya bosh boshqarmasi vakili.

Toshkent shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘i Avaz  Mamajonovning ma'lum qilishicha, 2015 yildan boshlab poytaxtdagi Mehribonlik uylarini bitirganlar jami 357 nafarni tashkil etadi. Shundan 75 nafari – 2020 yilda bitirganlardir.

«Ularning 10 nafari oliy ta'lim muassasalariga qabul qilindi. Bitiruvchilarning atigi 13 nafari ish bilan ta'minlangan. Ishsiz yurganlar esa 30 nafarni tashkil etmoqda», – dedi poytaxt XTBB boshlig‘i.

Top