20:03 / 15.10.2020
60595
Japarov Qirg‘iziston prezidenti vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi

Qirg‘iziston bosh vaziri Sadir Japarov mamlakat prezidentining barcha majburiyatlari o‘ziga o‘tganini ma'lum qildi.

Foto: RIA Novosti

«Bu haqiqiy g‘alaba. Barcha o‘z joyida. Prezident Sooronbay iste'fo berdi. Spiker Kanat Isayev prezident funksiyalarini bajara olmasligi to‘g‘risida ariza yozdi. Shu tufayli bugundan davlat rahbarining barcha vazifa va majburiyatlari menga o‘tdi», - dedi Japarov hukumat uyida o‘z tarafdorlari qarshisidagi chiqishida.

Kun avvalida mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatda qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun prezidentlik lavozimini tark etayotganini e'lon qilgandi. Prezidentning iste'fosidan keyin, Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbarining barcha majburiyatlari parlament spikeri Kanat Isayevga o‘tishi belgilangandi.

Namoyishlar vaqtida bir necha kun davomida parlament spikeri bo‘lib turgan Miktibek Abdildayev 10 oktabr kuni iste'foga chiqqanini e'lon qilgandi.

Prezident iste'fosi to‘g‘risidagi chaqiriqlar o‘tgan hafta boshidagi mitinglarda yangray boshlagandi, o‘shanda parlament saylovida parlamentdan o‘rin ololmagan muxolifatchi partiyalar norozilik namoyishlarini boshlashgandi.

6 oktyabrga o‘tar kechasi namoyishchilar «Mekenchil» («Vatanparvar») partiyasi asoschisi bo‘lgan Sadir Japarovni qamoqdan ozod qilishgandi. U 2013 yilda Qorako‘lda mitinglar uyushtirgani hamda Issiqko‘l gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olgani uchun 2018 yilda 11,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Namoyishlar vaqtida shu yil yozidan buyon hukumatni boshqarib turgan Kubatbek Bo‘ronov iste'fo berdi.

6 oktabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlarining bir qismi Sadir Japarov nomzodini mamlakat bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi.

Ammo 13 oktabr kuni prezident Sooronbay Jeenbekov parlament qarori yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun deputatlarning yetarli soni unga ovoz berishi kerakligini aytib, Japarovni bosh vazir sifatida tan olmadi.

14 oktabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarovni yana bir bor bosh vazirlikka tayinladi va bu safar prezident uning nomzodini qabul qildi.

Aynan uning talabi ortidan Sooronbay Jeenbekov 15 oktabr kuni Qirg‘iziston prezidentligidan iste'foga chiqdi.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top