18:18 / 15.10.2020
9889
Oqoltin tajribasi: mahalla ahlining qon bosimi, bo‘yi va vazni, qorin hajmi o‘lchab chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida aholi bilan uchrashgan va unda odamlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, sport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratish zarurligini ta'kidlagandi, deb xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda davlat rahbari har bir mahalla kesimida fuqarolarni arterial qon bosimi, tomir urishi, bo‘yi hamda vazni haqida ma'lumotlar bazasini yaratish, har chorakda fuqarolarning salomatligini monitoring qilib borish hamda pandemiyani jismoniy tarbiya va sport bilan yengish bo‘yicha Oqoltin tumani namunasini respublikaga keng joriy etishni ham ta'kidlab o‘tgan.

«Mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorlikda Oqoltin tumanidagi Yangi Toshkent mahallasida tashabbuskor hamda fidoyi trener va hamshiralar ishtirokida har bir fuqaroning arterial qon bosimi, bo‘yi, vazni, qorin qismi hajmlari o‘lchanib, ma'lumotlar bazasi shakllantirildi. Qolaversa, fuqarolarning sport turlariga bo‘lgan qiziqishlari ham o‘rganildi.

Oqoltin tumanidagi Yangi Toshkent mahallasida jami 7 ta ko‘cha (Sergeli, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Amir Temur, Yunusobod, Chilonzor, Bektemir, Yakkasaroy) mavjud bo‘lib, aholining umumiy soni 1 115 nafarni (shundan 578 nafari ayollar), xonadonlar soni 131 tani tashkil etadi.

Tashabbuskor trener va hamshiralar uyma uy yurib, jami 687 nafar fuqaroning arterial qon bosimi, bo‘yi, vazni, qorin qismi hajmlarini o‘lchab chiqishdi.

Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rov natijasida aholining 164 nafari futbol, 76 nafari voleybol, 43 nafari basketbol, 96 nafari badminton, 82 nafari workout, 56 nafari stol tennisi, 34 nafari badiiy gimnastika, 69 nafari boks, 29 nafari kurash va 38 nafari boshqa sport turlariga qiziqishi aniqlandi.

Tadbir davomida ommaviy badantarbiya va yurish tadbirlari tashkil etilib, unga jami 378 nafar ishtirokchi jalb etildi», – deyiladi xabarda.

 

 

Top