15:16 / 15.10.2020
10339
Trampning 14 yoshli o‘g‘li ham koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Trampning 14 yoshli o‘g‘li Berron Tramp ham koronavirus yuqtigan. Bu haqda prezidentning rafiqasi Melaniya Tramp ma'lum qilgan. Uning aytishicha, Berron kasallikdan tuzalgan va uning organizmida virus asoratlari qolmagan.

Foto: Getty Images

Avvalroq prezidentning davolovchi shifokori Shon Konli Donald Tramp koronavirusdan butkul xalos bo‘lgani va u endi atrofdagilar uchun xavf tug‘dirmacligini ma'lum qilgan edi. Shuningdek, AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp ham virus yuqtirib, tuzalib chiqdi. Trampdan farqli o‘laroq Melaniya xonim 2 haftaga yaqin jamoatchilik oldida ko‘rinish bermadi va o‘zini yakkalash rejimida bo‘ldi.

Kecha, 14 oktabr kuni Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp Oq uy rasmiy saytida o‘zining oilasi koronavirusni qanday boshdan kechirgani haqida batafsil maqola e'lon qildi.

Melaniyaning yozishicha, birinchi test natijalari o‘g‘li Berronda koronavirus yo‘qligini ko‘rsatgan. Shunga qaramay, Berron qayta topshirgan testlar unda COVID-19 borligi haqidagi onasining xavotirlarini tasdiqlagan: «Baxtimizga u kuchli yigit va kasallik asoratsiz o‘tdi. Bir tomondan kasallik uchalamizda bir vaqtda kechgani yaxshi bo‘ldi. Biz bir-birimizga g‘amxo‘rlik qildik va vaqtni birga o‘tkazdik», deb yozgan Melaniya Tramp.

Birinchi xonim koronavirusni qanday yengib o‘tgani haqida ham yozdi: «Virusni yengishning ko‘proq tabiiy yo‘llarini tanladim: vitaminlar qabul qildim va sog‘lom ovqatlandim».

Tramp ham o‘g‘lida kasallik yengil kechganini ta'kidladi: «U o‘zida virus borligini sezmay ham qolgan deb o‘ylayman. Axir yoshlarning immun tizimi kuchli va u koronavirus bilan kurashadi. Berron ajoyib yigit», dedi Tramp.

Avvalroq, Melaniya Trampning vakillari oiladagi bolalar koronavirusga chalinmaganini ma'lum qilishgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 2 oktabr kuni koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘lgach, uch kun davomida Uolter Rid nomli harbiy kasalxonada davolandi. Uni «Deksametazon», «Remdesivir» va antitanachalar yordamida tayyorlangan maxsus «Regeneron» kokteyli bilan davolashdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top