22:34 / 15.10.2020
2872
Vashington va toliblar harbiy operatsiyalar sonini kamaytirishga kelishib oldi

Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi vakili Tariq Tarik Arianning ma'lum qilishicha, o‘tgan ikki hafta davomida "Tolibon" tarafdorlari xavfsizlik kuchlari va fuqarolarga 575 marta hujum uyushtirgan.

Foto: Getty Images

AQSh va "Tolibon" harakati Afg‘oniston hududida harbiy operatsiyalar sonini kamaytirishga kelishib oldi. Bu haqda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod o‘zining Twitter sahifasida ma'lum qildi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, u hamda AQSh va NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Skott Miller toliblar vakillari bilan bir nechta uchrashuv o‘tkazgan. Natijada tomonlar "AQSh va "Tolibon" o‘rtasidagi kelishuv shartlariga va majburiyatlarga qat'iy amal qilish"ga kelishib olgan.

 Xalilzodning ta'kidlashicha, "bu harbiy operatsiyalar kamayishini anglatadi".

"Biz operatsiyalar soni sezilarli ravishda kamayishini kutmoqdamiz", deb qo‘shib qo‘ydi u.

Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi vakili Tariq Tarik Arianning ma'lum qilishicha, o‘tgan ikki hafta davomida "Tolibon" tarafdorlari xavfsizlik kuchlari va fuqarolarga 575 marta hujum uyushtirgan. Oqibatda 86 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan va 165 nafari jarohatlangan.

 

Top