17:13 / 16.10.2020
2171
Fransiya qat'iy karantindan oyiga 20 mlrd yevro zarar ko‘rishi mumkin

Shu haftada Fransiyada joriy etilgan birgina komendantlik soatining o‘zi mamlakat iqtisodiyotiga bir milliard yevroga tushadi.

Foto: EPA/Vostock-photo

COVID-19ga qarshi kurash doirasida qat'iy karantin choralari joriy etilishi Fransiyaga oyiga 15-20 mlrd yevroga tushishi mumkin, shu bois keskin choralardan iloji boricha qochish kerak, dedi mamlakat iqtisodiyot vaziri Bruno Le Mer.

 "Biz umumiy izolyatsiya choralarini chetlab o‘tishimiz lozim. Agarda faqat virus faol hududlarda izolyatsiya rejimini joriy etsak, oyiga 5 mlrd yevroga yaqin xarajat qilamiz. Agarda to‘liq izolyatsiyani joriy etadigan bo‘lsak, bu oyiga 15-20 mlrd yevroga tushadi", - dedi Le Mer.

 Uning qo‘shimcha qilishicha, shu haftada Fransiyada joriy etilgan birgina komendantlik soatining o‘zi mamlakat iqtisodiyotiga bir milliard yevroga tushadi.

 Fransiyada juma kuni koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon sutkalik holatlar soni ilk bor 30 mingdan oshdi. Oxirgi bir hafta ichida 6,5 mingdan ortiq kishi kasalxonaga yotqizildi. Mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon 810 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalingan, 33,1 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top