23:17 / 16.10.2020
6429
G‘arb maxsus xizmatlari Navalniyni FXX zaharlagan deb hisoblamoqda

Yevroittifoq Aleksey Navalniyning zaharlanishi ortidan Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, RF prezidenti ma'muriyati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko va yana 4 nafar rossiyalik mansabdorga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Foto: AP

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya maxsus xizmatlari muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati turibdi degan taxminda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Guardian nashri xabar berdi.

 Nashr bilan suhbatlashgan ikki manba zaharlashga konstitutsion tuzumni himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashish xizmati (FXX Ikkinchi xizmati) aloqador deb hisoblamoqda. Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyni o‘ldirish uchun emas, balki "ogohlantirish" va Rossiyani tark etishga majbur qilish uchun zaharlashgan.

 Ularning fikricha, FXX ixtiyorida ko‘plab, jumladan, noma'lum zaharlar mavjud.

Yevroittifoq Aleksey Navalniyning zaharlanishi ortidan Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, RF prezidenti ma'muriyati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko va yana 4 nafar rossiyalik mansabdorga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Shuningdek, Rossiya davlat organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti ham sanksiyaga tushganlar ro‘yxatiga kiritildi.

Rossiyalik muxolifatchi, Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi rahbari Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi.

Zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketildi. Keyinchalik oyoqqa turgan Navalniy o‘zining zaharlanishi shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini aytgan.

Top