10:03 / 16.10.2020
23664

Jizzaxda yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi

Holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 15 oktabr kuni soat 16:00da, 26 yoshli Sh.I. o‘z boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashinada Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Buloqboshi q.f.y., Chuvulloq qishlog‘i hududidan o‘tgan Dashtobod-Zomin-Baxmal 4R-40 avtomobil yo‘lining 173-km.da yo‘l-transport hodisasiga uchragan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u Baxmal-G‘allaorol yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida, o‘ziga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan 28 yoshli E.R. boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina yo‘liga chiqib ketishi oqibatida YTH sodir qilgan.

Natijada, har ikkala avtomashina haydovchisi yo‘l-transport hodisasida olgan tan jarohati sabab hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan.

Shuningdek, marhum E.R. boshqaruvidagi Nexia avtomashina yo‘lovchisi B.Sh. hamda Sh.I. boshqaruvidagi Nexia avtomashina yo‘lovchisi A.U. turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olib, G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top