21:28 / 16.10.2020
15719
SSV koronavirus bemorlarini davo standartlarisiz ko‘r-ko‘rona davolash mumkin emasligi to‘g‘risida ogohlantirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xususiy klinikalarda koronavirusga chalingan bemorlarni belgilangan tartiblarga rioya qilmasdan davolash holatlari uchrayotgani, buning oqibatida bemorlarning ahvoli og‘irlashib qolayotgani haqida xabar berdi.

«Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan xususiy shifoxonalarga koronavirus infeksiyasiga chalinganlarni davolashga ruxsat berilgan edi.

Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan diagnostika va davolash standartlariga, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qat'iy rioya qilishi lozimligi alohida ta'kidlangan.

Ushbu hujjatlarga asosan, xususiy shifoxonalar murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam berib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatishayotgani chinakam e'tirofga haqli.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasini aniqlash va davolashda belgilangan tartiblarga rioya qilinmasa, huquqiy ta'sir choralari mavjud ekanligini xususiy shifoxonalarga muntazam ravishda eslatib kelmoqda. Ammo shunga qaramasdan, ayrim xususiy shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda tasdiqlangan standartlarga rioya qilmaslik natijasida jiddiy va qaltis xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani ma'lum bo‘lmoqda», deyiladi vazirlik xabarida. 

Misol uchun, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanayotgan xususiy shifoxonalar faoliyati yuzasidan retro-prospektiv tekshiruvlar o‘tkazilganda, oliy toifali pulmonolog Z.Yu. tomonidan bir oilaning 3 a'zosiga, ahvoli yengil darajada bo‘lishiga qaramasdan, 12 turdagi (!) dori vositasi («Askorbin» kislota, «Baktazon», «Moksiv», «Deksametazon», «Vobenzim», «Trombonet», «Kurantil», «Laritidin», «Flyukonazol», «Ambroksol», «Tsink», «Veroshpiron») tavsiya qilingani qayd etilgan. 

Shuningdek, boshqa bir xususiy shifoxonada faoliyat yuritgan otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha 2-kurs klinik ordinatori I.B. ayrim bemorlarga, ular kasallikning yengil darajasini o‘tkazayotganiga qaramasdan, bir vaqtning o‘zida 10ga yaqin («Tsefepim», «Asiklovir», «Deksametazon», «Ambroksol», «Kleksan», «Kurantil», «Kardiomagnil», «Veroshpiron») dori vositalarini hamda ingalyatsiya uchun «Dekosan» + «Deksametazon» + «Dimedrol» dori vositalari aralashmalarini tavsiya qilgani aniqlangan.

Ikkala holatda ham bemorlar ahvoli yomonlashgani sababli Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. 

Shuningdek, so‘nggi bir yarim oy mobaynida xususiy shifoxonalardan birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga jami 17 nafar bemor belgilangan davo standartlariga amal qilinmagani, me'yoridan ortiq miqdorda antibiotik va boshqa tavsiya etilmagan turli xil infuzion dori vositalari qo‘llangani uchun og‘ir ahvolda ko‘chirilgani ma'lum bo‘lgan. Bu kabi bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari va vazirlik tasarrufidagi boshqa davolash muassasalariga ham yotqizilgan. 

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha 4ta xususiy shifoxonaga berilgan litsenziya tugatildi, 2tasida litsenziyaning amal qilish muddati 10 kunga to‘xtatildi, yana 2tasiga esa kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top