22:09 / 16.10.2020
19458
Toshkentda jamoat transporti yo‘lovchilariga niqob va qo‘lqopda bo‘lish majburiy qilinmoqda

17 oktabr kunidan e'tiboran Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘lovchilari tibbiy niqob va qo‘lqoplarda bo‘lishlari talab etiladi.

«Transport vazirligi bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat transportida turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etilishini ma'lum qiladi», deyiladi Transport vazirligi matbuot xizmati xabarida. 

Shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning sanitariya qoidalari va belgilangan karantin talablariga qat'iy amal qilishlarini ta'minlash maqsadida Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta'minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan transport infratuzilma obektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

Joriy yilning 19 oktyabridan e'tiboran shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobda, shuningdek, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishlari qat'iyan talab etiladi. 

«Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Shahar jamoat transporti xizmatidan foydalanganda belgilangan karantin talablari va sanitariya me'yorlariga qat'iy amal qiling. O‘zingiz va atrofdagilarning salomatligiga befarq bo‘lmang», deyiladi xabarda.

  • 15 avgust kuni Toshkent metrosi bir necha oylik tanaffusdan keyin faoliyatini tiklagandi. O‘shanda yo‘lovchilar metro bekatlari va poyezdlar vagonlarida tibbiy niqobda bo‘lishi shartligi belgilangandi.
  • Maxsus komissiyaning avgust oyi oxiridagi qaroriga ko‘ra ham yo‘lovchilar niqobda bo‘lishi kerakligi belgilangan. Lekin o‘zbekistonliklarning hammasi ham bu talabga amal qilmayotgandi. Shu bilan birga, komissiya tibbiy qo‘lqop taqishni talab qilmagandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top