10:19 / 17.10.2020
1931
O‘tgan kuz-qish mavsumida nosoz gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida 76 kishi vafot etdi – FVV

Joriy yilning 16 oktabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar hamda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, 13 oktabr — Xalqaro tabiiy ofatlarni kamaytirish kuni doirasida olib borilgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma'lumotlar o‘qib eshittirildi.

Ma'lum qilinishicha, aholi turar joylarida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida 5 mln 737 ming 618ta aholi turar joylaridan 496 ming 731tasi va 27 915ta dala hovlilardan 3 157tasi tekshirib chiqildi. 79 410ta kamchiliklar aniqlanib, shulardan 58 082tasi bartaraf etilgan.

O‘tgan 2019/2020 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida respublikada 6 805ta yong‘in sodir bo‘lib, oqibatda 82 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 139 nafar inson kuyish tan jarohatini olgan. Keltirilgan moddiy zarar miqdori 50 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 5 986tasi, ya'ni 88 foizi aholi turar-joylariga to‘g‘ri kelgan.

Yong‘inlar sabablari tahlil qilinganda, ularning 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.

Aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.

Bundan tashqari, gaz ta'minoti idoralari tomonidan gaz jihozlari sozligining o‘rnatilgan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilmasligi va texnik xizmat ko‘rsatilmasligi, dudburonlarni tozalash, sozlash, ularni qoida talablari asosida o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarning talab darajasida ish olib bormasligi, shuningdek, fuqarolar tomonidan gaz, elektr va boshqa issiqlik energiyasi turlaridan noto‘g‘ri foydalanish, texnik qoidalarga rioya etmaslik, nosoz gaz asbob-uskunalaridan foydalanish oqibatida 2019 yilning oktabr oyidan 2020 yilning 31 mart kuniga qadar (isitish mavsumida) jami 107ta noxush holat yuzaga kelgan.

Shulardan 52tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq holatlar bo‘lib, ularda 89 nafar fuqaro kuyish tan jarohatini olgan, 3 nafar fuqaro vafot etgan, shuningdek, 55ta is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar sodir bo‘lib, ularda 75 nafar fuqaro jabrlangan va 73 nafar fuqaro vafot etgan.

Kun.uz muxbiri aholi turar joylarida olib borilayotgan profilaktik targ‘ibot tadbirlari qanchalik samaradorligi, noxush holatlar qanchalik kamayayotgani haqida savol berdi.

FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Davron Qambarovning aytishicha, bu targ‘ibot tadbirlari samarali bo‘lyapti.

“Odamlar bilan yuzma-yuz holatda gaplashib, yong‘in xavfsizligi va boshqa qoidalar tushuntirilganda yoki ularga kichik varaqda eslatma berilganda, ular albatta uni o‘qishadi va qachondir farzandlariga ham bu haqda eslatadi. Masalan, sentyabrda o‘tgan oyga nisbatan deyarli 1000taga yaqin yong‘in holatlari kamaygan” – deydi Davron Qambarov.

Top