14:23 / 17.10.2020
5737

«O‘zbekistonda so‘z erkinligi, OAV rolini oshirishga bo‘lgan siyosiy iroda qat'iy». Sodiq Safoyev Freedom House tuzgan reyting haqida gapirdi

Bugun, 17 oktabr kuni, «O‘zbekiston - BMT: muhim tashabbuslar va hamkorlik natijalari» mavzusida navbatdagi xalqaro press klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda jurnalistlar tomonidan Freedom House nodavlat tashkilotining internetdagi erkinlikka doir «Freedom on the Net 2020» an'anaviy hisoboti taqdim etilgani va ushbu reytingda O‘zbekiston oxirgi o‘nlikdan joy olgani ta'kidlandi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lish O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta'minlash borasida qanday ahamiyatga ega ekanligi borasida savol bilan murojaat qilindi.

Savol yuzasidan Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev fikr bildirdi. U bu borada O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni har xil baholash mumkinligini ta'kidladi.

«O‘zbekistonga eng tanqidiy munosabatda bo‘lgan tanqidchilar va kuzatuvchilarning fikricha, bizda oxirgi 4 yilda OAVning tutgan o‘rni batamom o‘zgardi. Buni inkor qilish mumkin emas. Bugungi kunda jurnalistlar, blogerlar ko‘targan mavzular yuzasidan amaldorlar choralar ko‘rishyapti, hukumat kerak bo‘lsa qarorlar qabul qilyapti. Agar bugun joylarda biron masala ko‘tarilsa, o‘sha zahotiyoq mahalliy hokimliklar va tashkilotlar munosabat bildiryapti, hal qilishga harakat qilishyapti. 

Lekin tan olib aytishimiz kerakki, oldingi davrning inersiyasi hali ham mentalitetimizda saqlanib turibdi. Prezident o‘z nutqlarida OAV erkinligi haqida tez-tez ta'kidlaydi. «Agar biron rahbar OAV bilan ishlashni istamasa, biz o‘sha rahbar bilan xayrlashamiz», degan fikrlarni takrorlaydi. 

Freedom House tomonidan O‘zbekistonda internet erkinligi borasidagi baholari bo‘yicha aniq faktlar mas'ul tashkilotlarga taqdim etilsa, bu borada qat'iy choralar ko‘riladi. O‘zbekistonda so‘z erkinligi, OAV rolini oshirishga bo‘lgan siyosiy iroda qat'iy va buni hammamiz muhim ekanligini tushunamiz. Barcha davlat tashkilotlari bu borada jiddiy ishlashimiz kerak. Bu juda jiddiy masala», – deya Sodiq Safoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, Freedom House nodavlat tashkiloti internetdagi erkinlikka doir Freedom on the Net 2020 an'anaviy hisobotini taqdim etgandi. Unda O‘zbekiston internet erkin bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatida qayd etilgan.

Tadqiqotchilar o‘zbek internet-mediasidagi senzuraga to‘xtalib, holatni 4 balldan 1 ballga baholagan. Sardoba fojiasiga davlat televideniyesining munosabatini radioefirda tanqid qilgan ikki jurnalist ishdan bo‘shatilgani, texnogen ofat haqida Facebook'da yozgan O‘zA jurnalisti ham ishdan bo‘shagani, Telegram kanalida Sardoba haqida yozgan bloger AOKAdan unga qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgani, Facebook yuzerlaridan biri mansabdorni haqoratlagani uchun 10 sutkaga qamab qo‘yilgani kabi o‘nga yaqin voqealar sanab chiqilgan.

Mavzuga oid
Top