13:17 / 17.10.2020
2236
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Isroil bilan aloqalar yaxshilanishi mumkinligini aytdi

Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishi ehtimoli mavjud, lekin bu holatda Isroil-Falastin muzokaralarini boshlashga ustuvorlik beriladi. Bu haqda AQShga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal ol-Saud Yaqin sharq siyosati bo‘yicha Vashington institutiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

Foto: Wikimedia

« Isroil bilan aloqalar yaxshilanishi mumkin. Biz Fors ko‘rfazidagi inqirozga barham berilishiga umid qilamiz. Lekin, bu bosqichda birinchi o‘rindagi vazifa falastinlik va isroilliklarni muzokaralar stoliga qaytarish», – deydi u. 

Saudiya tashqi siyosat idorasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozir barcha e'tibor ikki tarafni muzokaralar stoliga «o‘tkazish»ga qaratilgan. «Oxir-oqibat mintaqada tinchlik va barqarorlik qaror topadi, agar biz buni uddalay olmasak, bu holat tuzalmas yara bo‘lib qoladi», deydi u.

Chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Saudiya tashqi ishlar vaziri bilan ikki tomonlama strategik muzokaralarining birinchi raundi o‘tkazilgandan so‘ng, rasmiy Ar-Riyoz Ibrohim kelishuviga qo‘shilishiga umid bildirgan edi. Ibrohim kelishuvi Arab davlatlari va Isroil o‘rtasida munosabatlarni AQSh vositachiligida yaxshilash maqsadida tuzilgan xalqaro kelishuv.

Shu yilning 15 sentyabr kuni Vashingtonda Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn Isroil bilan aloqalarni yaxshilash borasida kelishuv imzoladi. Isroil bosh vaziri bu holatni «tarixiy burilish pallasi» deb atagan. Falastin esa ushbu kelishuvga qarshi chiqdi hamda Abu-Dabi va Manamadan o‘z elchilarini chaqirib oldi.

Top