18:33 / 17.10.2020
85087
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini qattiq tanqid qilganiga oid audio tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Xadjibayevga tegishli ekanligi ma'lum bo‘lgan audioyozuv tarqaldi. Quyida vazir o‘rinbosarining Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini koyigan 50 daqiqali audioyozuvdagi eng muhim iqtiboslarni o‘zgarishsiz taqdim etamiz.

Abduhakim Xadjibayev / Foto: med.uz
  • “Nimaga kasallik tarixi kasal tushgandan keyin 3 kunlab yozilmay yotibdi?”;
  • "20 yildan beri vrachlarni qamoqdan qutqarib kelganman, endi fikrim o‘zgarmoqda. Vrachlarni qamash kerak deyman, men o‘zim ularni qamattiraman, Zangiotadan boshlaymiz";
  • “Bir oyda bir yillik maoshni olyapsizlar”;
  • “Bir oyga bitta shu klinikaga 40 mlrd [so‘m] ketyapti, o‘sha 40 mlrd.ni 90 foizi sizlarning (shifokorlar nazarda tutilyapti) maoshlaring”;
  • “Hamma kasallik tarixi trafaret, “dnevnik” ham trafaret, chunki u kasalni ko‘rmagan, birorta vrach kasalni oldiga kirmagan, ko‘rmagan. Chunki hamma kasal bir xil bo‘lishi mumkin emas”;
  • “Moskvadan kelgan professor aytyapti, kasal 7-10 kun yotarkan, belyo [choyshablar, ich kiyim] bir marta ham almashtirilmaydi, deyapti, hech bo‘lmasa 3 marta almashtirilishi kerak emasmi?”;
  • “Meni o‘zimga har kuni qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi: [kasalni] olib chiqib ketaylik, boshqa joyga o‘tkazaylik, deb. Nimaga desam, umuman doktorlar qaramayapti deyishadi”;
  • “Bir xil raqamli kasallik tarixi 8ta bo‘lishi ham mumkinmi?!”;
  • “Kislorod davleniyasi tushib ketayotgani uchun har kuni bir nechta odam o‘lyapti”;
  • “Hech kim ishdan ketib qutulmaydi, agar kimdir qochaman desa, prokuraturaga beramiz”;
  • “Kecha va bugun yotgan kasal munosabat o‘zgarganini sezishi kerak”;
  • “Kasalga dori yozib berishinglarni mutlaqo taqiqlayman, dori tugasa, Minzdravga chiqishlaring kerak”;
  • “Kasalni dori-darmoni tumbochkasida turibdi. Kasal o‘zi kelib, o‘zi dori ichib tuzalib ketyapti”;
  • “Ishlatmasdan turib o‘g‘irlaydi... Hammasi o‘g‘ri bularning. Afsuski, bu fakt”;
  • “[Choyshablarni] nima uchun ishlatmayapsan, nima uchun kasal sassiq postelda yotishi kerak, nimaga haftada ikki marta almashtirmaysan?”;
  • “Sanitarkasiyam ishlamayapti, chunki boshidan sasigan bular”;
  • “Bo‘lim mudiriyam, glavvracham mavjud dorilarni bilmay qo‘liga yozib beryapti, bizda ma'lumot bor, signal chiqib yotibdi. Mana bu yerda yotibdi antibiotik mingtalab, ikki mingtalab, lekin joyida qo‘liga yozib beryapti. Nima uchun yozib beradi?”;
  • “Balki 30 foizi, balki 50 foizi kislorodga qabul qilishi kerakdir, lekin 100 foizi emas”;
  • “Xayollaringdan chiqaringlar, bu o‘tib ketadigan narsa emas. Yoki tartibga tushasizlar yoki boshqa yo‘li yo‘q”.
  • “Men prokuraturaga berishni xohlamas edim. Agarda keskin o‘zgarish bo‘lmasa, majbur bo‘linadi prokuraturaga berishga”;
  • “Bittayam glavvrachni bo‘shatmaysiz... Hammasini bo‘yniga qo‘yib, undan keyin nima qilish kerakligini aytamiz”;
  • “Tez yordam [haroratni] o‘lchab kelyapti-ku, bu yerda nimani o‘zgartirasanlar”;
  • “Aynan seni iyundan beri olgan pulingni qaytartiraman, seni prokurorga beraman, yozgani uchun, o‘zida ayb sezmagani uchun...”;
  • “O‘sha “krasniy zona”da ishlaganing uchun 25 mln nadbavka (qo‘shimcha pul) beradi. Nima haqqing bor kasalni kirgizmaslikka?!”.

Eslatib o‘tamiz, shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida odam(lar) o‘lishiga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksi 116-moddasining tegishli qismlari bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shifokorlar ham bu moddaga ko‘ra javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Bu masala yuzasidan vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landik va quyidagi izohni oldik:

– Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash nihoyatda jiddiy masala va bu borada qattiqqo‘llik muhim rol o‘ynaydi. Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Mo‘minovichning so‘zlari biroz asabiy va jahl aralashgan tuyilishi mumkin, lekin barchasi asosli e'tirozlar va to‘g‘ri talablar. Har biri bemorlar tezroq sog‘ayishi va xalqimiz manfaati uchun aytilgan. Albatta, yig‘ilishda ta'sirchanlikni oshirish uchun biroz mubolag‘a yoki po‘pisa qilingan bo‘lishi mumkin, lekin buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor.

Eng muhimi, tizim xodimlari bu talablarni to‘g‘ri tushunadilar va ishga yangicha yondashadilar.

Abror Zohidov.

Top