00:10 / 18.10.2020
31362
Armaniston va Ozarboyjon TIVlari tomonlarning kelishgani bo‘yicha bayonot berdi
Foto: AFP

Armaniston va Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Armaniston tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida bayonot paydo bo‘ldi.

«Armaniston va Ozarboyjon respublikalari 18 oktabr soat 00:00dan (Toshkent vaqti bilan 01:00) amal qiluvchi gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu qaror YeXHT Minsk guruhi a'zolari Fransiya, AQSh va Rossiya prezidentlarining bayonotlari, YeXHT Minsk guruhining 1 va 5 oktyabrdagi bayonoti, Moskvadagi 10 oktyabrda e'lon qilingan bayonot ortidan qabul qilindi», deyilgan Armaniston tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida.

Ozarboyjon TIV ham o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha navbatdagi kelishuv haqida ma'lumotni tasdiqlagan.

Fransiya, Rossiya va AQSh hukumatlari Ozarboyjon hamda Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligi haqida qo‘shma bayonot berishgandi. Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi uchrashuvidan keyin tomonlar 10 oktabr kuni otashkesim tartibi to‘g‘risida kelishuvga erishgan, biroq ko‘p o‘tmay har ikki tomon bir-birini o‘t ochish rejimini buzganlikda ayblab chiqqandi.

Ma'lumot uchun, Tog‘li Qorabog‘da 27 sentyabrdan buyon qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Armaniston tomoni tan olinmagan Qorabog‘ armiyasi hujumlarga turib berayotganini aytayotgan bo‘lsa, Ozarboyjon o‘z hududi hisoblangan Tog‘li Qorabog‘ uchun jang qilayotganini, mojaroni hal qilishda faqat harbiy yechim ko‘rayotganini, qator hududlar qaytarilganini ma'lum qilmoqda.

Top