12:58 / 18.10.2020
7237
Lisenziyasi bekor qilingan xususiy bandlik agentliklari soni 50taga yetdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Adiba travel and work” va “Good Work” xususiy bandlik agentliklariga berilgan litsenziyani bekor qildi.

Foto: Shutterstock

Vazirlik xabariga ko‘ra, ushbu ikki XBAga O‘zbekistondan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun berilgan litsenziyalar 13-14 oktabr kunlari, ularning o‘z arizalariga binoan bekor qilingan.

 “Good Work” XBAning litsenziyasi shu yil mart oyida vaqtincha – 10 ish kuniga to‘xtatib qo‘yilgan edi. Bunga agentlik ustidan shikoyat arizalari kelib tushgani sabab bo‘lgandi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda so‘nggi 18 oy ichida litsenziyasi bekor qilingan xususiy bandlik agentliklari soni 50taga yetdi. XBAlar reyestriga jami 103ta agentlik kiritilgan bo‘lib, ayni paytda ulardan 25tasi litsenziyaga ega.

Avgust oyida ma'lum qilingandiki, litsenziyasi bekor qilingan XBAlardan 21tasi “faoliyatini tashkil qila olmay, litsenziyasini topshirgan”, 11tasi esa qonunchilikni turli shaklda buzgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga bundan ikki yil oldin – 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan qonun asosida ruxsat berilgandi. 2020 yil avgustida bu qonunga tuzatishlar kiritildi.

Ikki yil ichida o‘nga yaqin (ehtimol o‘ndan ortiq) xususiy bandlik agentliklari minglab fuqarolarni chuv tushirib, ulardan yig‘ilgan milliardlab mablag‘larni o‘zlashtirib yubordi. Jabrlanuvchi fuqarolar muammoga hukumat e'tiborini tortish uchun bir necha marta mitinglar o‘tkazdi. Ayrim XBAlar ishi bo‘yicha sud hukmlari chiqqan, qator jinoyat ishlarini ko‘rish turli bosqichlarda davom etmoqda.

Top