11:35 / 18.10.2020
11402
Toshkentda jamoat transporti korxonalariga yo‘lovchilarni qo‘lqop bilan bepul ta'minlash yuklatildi

Vaholanki, JSST qo‘lqopdan foydalanish COVID-19 tarqalishining oldini olishda samarasiz ekanini, aksincha virus yuqtirib olish ehtimolini oshirishini bildirgan.

19 oktabr, dushanba kunidan boshlab, turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etiladi.

Transport vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bunda tashuvchilar tomonidan jamoat transporti yo‘lovchilariga qo‘lqoplar bepul taqdim etiladi.

“Yo‘lovchilar metro stansiyalariga kirishda, avtobus hamda mikroavtobusga chiqish vaqtida kassa xodimlari, konduktor va haydovchilardan qo‘lqoplarni olishlari mumkin”, –deyiladi xabarda.

Vazirlik bunday tartib joriy etilishidan “yagona maqsad – fuqarolar salomatligini asrash” ekanini ta'kidlagan. Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari­ mazkur qaror qo‘lqop biznesi egalarining (ehtimol, transport tashkilotlari bilan hamkorlikdagi) lobbisi bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Transport vazirligining mazkur tashabbusi Respublika maxsus komissiyasi yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgani yoki kelishilmagani haqida ma'lumot yo‘q.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘lqopdan foydalanish COVID-19 tarqalishining oldini olishda samarasiz ekanini, aksincha virus yuqtirib olish ehtimolini oshirishini bildirgan. JSST jamoat transporti va boshqa jamoat joylarida qo‘lqop o‘rniga tashrif buyuruvchilarning qo‘llarini dezinfeksiya qilishni tavsiya etgan.

Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi butun respublika bo‘yicha o‘rnatib chiqilgan dezinfeksiya tunnellarini “koronavirusga qarshi eng samarasiz chora” deb e'lon qilgan va bu hatto odamlar salomatligi uchun xavfli ekanini bildirgan, natijada bunday tunnellardan foydalanish taqiqlangan, bu ham jamoatchilikda norozilik uyg‘otgan edi.

Transport vazirligiga ko‘ra, Toshkent jamoat transportida niqob va qo‘lqopda yurish talabi amal qila boshlagach, vazirlik va tegishli huquq organlari ishtirokida maxsus ishchi guruhi tuziladi va jamoat transportida reydlar boshlanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top