12:12 / 19.10.2020
6981

11 yoshli bola aerokosmik muhandislik fakultetiga o‘qishga kirdi

Yosh daho ikki yoshidan masalalarni o‘qish va yechishni boshlagan. Uch yoshida esa IQ darajasi eng yuqori bo‘lgan odamlar uyushmasiga qabul qilingan. U hozir 12 yoshda va kollejning ikkinchi kursida o‘qiydi.

AQShning Jorjiya shtatida yashovchi Kaleb Anderson 11 yoshida Chattahuchi kollejiga aerokosmik muhandislik fakultetiga o‘qishga kirdi. Bola ikkinchi yilga o‘tgan. Amerikalik yosh yigit kosmosga uchishni orzu qiladi, deb yozadi People portali.

Kaleb to‘qqiz oylik bo‘lganida imo-ishora tilini o‘zlashtirgan. Ko‘p o‘tmay u o‘qishni boshlagan va ikki yoshida matematikadagi masalalarni osonlikcha hal qila olgan. Ota-onasi uni juda erta maktabga berishdi. «Hali ham esimda, barcha sinfdoshlarimning mendan bo‘yi baland edi. Men o‘shanda juda kichkina edim, zo‘rg‘a yurar edim», — deya ta'kidlagan u.

Kalebning ota-onasi aytishicha, ular o‘z farzandlari boshqa bolalardan ajralib turishini darhol anglashgan. Uch yoshida Kaleb eng yaxshi qobiliyati va aqlliligi uchun MENSA (IQ yuqori bo‘lgan kishilar) assotsiatsiyasiga qabul qilingan. Anderson kosmosga uchishni orzu qiladi, shuning uchun u aerokosmik muhandislik fakultetida o‘qishni tanladi. Ikki yildan so‘ng u bakalavrga aylanadi.

Bundan tashqari, u Jorjiya texnologiya instituti yoki Massachusets texnologiya institutida ham o‘qishni xohlaydi. U Ilon Maskning SpaceX dasturida amaliyot o‘tashga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Britaniyada to‘rt yoshli vunderkid uchta tilda yoza oladi. U IQ darajasi yuqori bo‘lgan odamlar jamiyatiga qabul qilingan. Shuningdek, Belgiyada to‘qqiz yoshli bolakay rahbariyat bilan ziddiyat tufayli universitetni tark etgani haqida xabar berilgan.

Mavzuga oid
Top