08:56 / 19.10.2020
24565
2 noyabrda asteroid Yer bilan to‘qnashishi mumkin

Yerga asteroid bilan to‘qnashish xavf solmoqda. Muzlatkichdek keladigan asteroid Yerga AQShda prezident saylovlari o‘tadigan sanadan bir kun oldin tushishi mumkin, deb ta'kidlamoqda amerikalik astrofizik Nil Degrass Tayson.

Foto: Pixabay

“Muzlatkichdek keladigan 2018VP1 asteroidi biz tomon soatiga 25 ming mil (40 ming km) tezlik bilan yaqinlashmoqda. U Yer bilan prezident saylovlaridan bir kun oldin – 2 noyabrda to‘qnashishi mumkin”, deb ma'lum qilgan olim.

Taysonning ta'kidlashicha, bunday o‘lchamdagi asteroid katta ziyon yetkazmaydi.

“Agar qiyomat qoyim 2020 yilda yuz bergudek bo‘lsa, bu fazo aybi bilan yuz bermaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan olim.

Avgustda NASA 2018 VP1 asteroidi 2 noyabr soat 20:33da Yerga minimal masofaga yaqinlashishini ma'lum qilgan. NASA ma'lumotlariga ko‘ra, samo jismi sayyoramizdan 384 ming km uzoqlikda uchib o‘tadi. O‘shanda ta'kidlanganidek, asteroidning Yer atmosferasiga kirishi ehtimoli 240tadan bittani yoki 0,41 foizni tashkil qiladi. 

Asteroid 2018 yil 3 noyabrda ochilgan. U harakatlanish yo‘nalishi Yer orbitasini kesib o‘tuvchi “Appolon” asteroidlar guruhiga kiradi.

Top