01:54 / 19.10.2020
9199

Britaniya qirolichasi terrorchini to‘xtatib qolgan mahbusni afv etdi

Foto: PA

Britaniya qirolichasi Yelizaveta II qotillik uchun sudlangan Stiven Gellentni terrorchini to‘xtatib qolgani uchun afv etdi. 

Voqea 2019 yil 29 noyabrda London ko‘prigida yuz bergan. O‘sha kuni 2005 yildan beri turmada jazoni o‘tayotgan Gellent mahbuslarning reabilitatsiyasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun bir kunga ozodlikka chiqarilgan. 

Shu uchrashuvga biroz oldinroq ozodlikka chiqqan Usmon Xon ham kelgan. Xon yonidan pichoq chiqarib, uchrashuv  ishtirokchilariga hujum qilganda Gellent bir necha kishi bilan birga qo‘liga tushgan narsa bilan terrorchini to‘xtatishga harakat qilgan.

Xon yashirinishga uringanda Gellent va yana bir necha kishi uning ortidan borib, jinoyatchining qochib ketishiga yo‘l bermagan. Biroq bundan avval jinoyatchi o‘tkinchi odamlarga hujum qilib, ikki kishini o‘ldirishga ulgurgan. Keyinroq voqea joyiga politsiya yetib kelib, terrorchini otib tashlagan. Terrorchi olingan jarohatlardan shifoxonada vafot etgan.  

Shundan keyin Britaniya ichki ishlar vazirligi Gellent va terrorchini to‘xtatishda ishtirok etgan boshqa kishilarning harakatlarini yuqori baholagan. Gellent boshqalar hayotini saqlab qolish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun hukumat uni afv etishni tavsiya qilgan.

Gellentning taqdiri bo‘yicha yakuniy qarorni shartli-muddatdan oldin ozod etish bo‘yicha komissiya qabul qilishi kerak.

Gellent 2005 yilda o‘t o‘chiruvchini o‘lasi qilib do‘pposlagani uchun 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Terakt yuz bergan kuni u birinchi marta ozodlikka chiqqan. 

Mavzuga oid
Top