10:51 / 19.10.2020
6828

Erdo‘g‘an YeXHTga qarshi ayblovlarni ilgari surdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an YeXHTning Minsk guruhiga kiruvchi AQSh, Rossiya va Fransiya rasmiylari Armanistonga qurol-yarog‘ bilan yordam ko‘rsatishi haqida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Anadolu» axborot agentligi.

Foto: AA

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, Rossiya va Fransiya 30 yildan beri Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Minsk guruhi formatidagi muzokaralarni yakunlamagan. Turkiya rahbari ushbu mojaroda Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ammo u Ozarboyjon armiyasini qurol bilan ta'minlamasligini ta'kidlagan. «Biz ular uchun duo qilamiz. Umid qilamizki, ular muvaffaqiyatli g‘alabaga erishadi», degan u.

Avvalroq, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Qo‘shma Shtatlar Turkiya tomonidan ta'minot yetkazib berilayotganidan xabardor ekanligini aytgandi. U uchinchi mamlakatlarni Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroda qatnashishdan tiyilishga chaqirgan.

Ikki sobiq sovet ittifoqi respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar 1991 yildan boshlab keskinlashgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyutsiyalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar ishg‘ol qiluvchi kuchlarning chiqib ketishini talab qilmoqda. Rossiya, Fransiya va AQSh urush harakatlarini to‘xtatishga chaqirmoqda. Turkiya esa Bokuning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatladi va Armaniston kuchlarini olib chiqishni talab qildi.

Top