20:13 / 19.10.2020
21383
Qirg‘izistonliklarga davlatning qarzini uzish uchun pul to‘plab berish taklif etildi

Qirg‘iziston aholisiga davlatning tashqi qarzini uzish uchun pul to‘plab berish taklif etildi. Davlatning xorijiy kreditorlar oldidagi qarzini uzish uchun aholidan mablag‘larni jalb qilish tashabbusini ayollar tashkilotlari bildirgan.   

Foto: TASS

Ayni vaqtda Qirg‘izistonning tashqi qarzi 4,8 mlrd dollarni tashkil qilib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.  Qirg‘iziston bu summadan 40 foizini Xitoyga to‘lashi kerak. Avvalroq mamlakat rahbariyati pandemiya sababli yuz bergan qiyinchiliklarni sabab qilib ko‘rsatib, Pekindan qarzni restrukturizatsiya qilishni iltimos qilgan. Biroq ushbu masala ochiq qolgan. Prezident iste'fosiga olib kelgan siyosiy inqiroz esa muammoni yanada chuqurlashtirib yubordi. 

Parlament deputati, Qirg‘izistondagi ayollar tashkilotlaridan birining rahbari Aynura Altibayevaning ta'kidlashicha, davlat banklaridan birida qarzni to‘lash uchun aholidan jalb qilinadigan pullar yig‘iladigan maxsus hisobraqam ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, Qirg‘izistonda oltin qazib olishni nazorat qiluvchi davlat konserni bilan muzokaralar olib borilmoqda. Faollarning ta'kidlashicha, bu respublikada nafaqat pul, balki zargarlik buyumlarini xayriya qilmoqchi bo‘lgan odamlar borligi uchun zarur.     

“Biz jamiyatda ushbu tashabbus keng qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildiramiz. Albatta, qarzni mamlakatga ajratilgan pullarni talon-taroj qilganlar uzishi kerak, degan fikr bor, biroq biz ham birdamligimizni ko‘rsatib, o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Bu yerda hech qanday siyosat yo‘q”, deb ta'kidlab o‘tgan Respublika askarlar onalari qo‘mitasi raisi Ulkan Baygubatova.

Qirg‘izistonda bunday urinishlar avval ham ikki marotaba – 2007 va 2018 yillarda amalga oshirilgan. Biroq qarzni to‘lashda yordam berishga chaqiriqlar aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan. Fuqarolar bunga javoban lavozimiy jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishni va qarzni korrupsiyachilar mol-mulki hisobiga uzishni taklif qilishgan. Shunga o‘xshash chaqiriqlar hokimiyat tepasiga korrupsiyaga chek qo‘yishni va'da qilib kelgan yangi bosh vazirga ham yo‘llanmoqda.

Respublikaning yangi rahbariyati birinchi navbatda bojxonadagi korrupsiya sxemalari bilan shug‘ullanmoqchi. Turli manbalarga ko‘ra, ushbu sxemalar tashkilotchilari mamlakatga ko‘p millionlik zarar yetkazgan. 

Top