13:46 / 20.10.2020
1338
O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorlik dasturini kengaytirishni rejalashtirmoqda 

Joriy yilning 19 oktabr kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi (YeI) o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitaning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yevropa tomonidan Yevropa komissiyasining Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bosh direktorati Yaqin Sharq/Fors ko‘rfazi, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo bo‘limi rahbari Sara Rinaldi, Yevropa tashqi ishlar xizmati Markaziy Osiyo departamenti rahbari Boris Yaroshevich ishtirok etdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev kichik qo‘mita yig‘ilishining O‘zbekistondan hamraisi bo‘ldi. 

Kichik qo‘mita uchinchi yig‘ilishining asosiy maqsadi 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik indikativ dasturni amalga oshirishdan olingan tajribani hamda O‘zbekiston hukumatining joriy va o‘rta muddatli islohotlarga nisbatan ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, Sara Rinaldi 2021-2027 yillarda hamkorlikning navbatdagi dasturiy sikliga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida ma'lumot berdi hamda O‘zbekiston manfaatdor tomonlarini ushbu jarayonning faol ishtirokchilari bo‘lishga taklif qildi.

Yig‘ilishda bir nechta tarmoq vazirliklari, ya'ni Qishloq xo‘jaligi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari, shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Ular asosiy vazifalari va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma'lumot berdi. Bundan tashqari, Yevropa ittifoqiga a'zo davlatlar yig‘ilishga Team Europe qo‘shma tashabbusi doirasida qo‘shilishdi.

Bugungi kunda Yevropa ittifoqi o‘z faoliyatini O‘zbekistonda 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 168 million yevroni tashkil qiluvchi ko‘p yillik indikativ dastur va qishloq xo‘jaligi, qishloqlarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar doirasida amalga oshirmoqda. Keyingi dasturlash sikli uchun ishtirokchilar hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va raqamli iqtisodiyot, ta'lim, Orol dengizi mintaqasining ekologik innovatsion rivojlanishi, investitsiya muhiti kabi sohalarni qamrab olishni taklif qilishdi.

Sara Rinaldining ta'kidlashicha, Yevropa ittifoqini 2020 yildan keyin rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik dasturlarini rejalashtirish COVID-19 pandemiyasi tufayli yanada qiyin sharoitga to‘g‘ri keldi. 

«COVID-19 inqirozidan qutulish barqaror, ijtimoiy adolatli, bardoshli va iqlimga neytral iqtisodiyotni ta'minlash zarurligiga asoslanishi kerak. Yevropa komissiyasining umumiy siyosiy ustuvor yo‘nalishlari bilan bir qatorda, Barqaror rivojlanish maqsadlari Yevropa ittifoqini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy maqsadi bo‘lib qoladi. Team Europe tashabbuslari yangi dasturning asosiy xususiyati bo‘ladi. Bu - Yevropa ittifoqi va a'zo davlatlar taraqqiyotiga ko‘proq ta'sir o‘tkazish maqsadida kengaytirilgan dasturlarni yaratish uchun kuchlarni birlashtirgan asosiy dasturdir», - dedi u.

Top