12:27 / 20.10.2020
8105

Rossiya armiyasidan 100 ming kishi qisqartirilishi mumkin

Foto: Artem Geodakyan /TASS

Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Xavfsizlik kengashiga mamlakat budjetini barqarorlashtirish maqsadida qurolli kuchlarni isloh qilish bo‘yicha loyiha kiritdi. Bu haqda “Izvestiya” jurnali o‘zidagi loyiha nusxasiga tayanib xabar bergan. Shuningdek, nashrning Rossiya Mudofaa vazirligidagi manbasi ham Moliya vazirligidan shunday taklif berilganini tasdiqlagan.

Taklif qilingan loyihaning birinchi punktida harbiy xizmatchilar sonini 10 foizga qisqartirish haqida gap boradi. Rossiya prezidentining 2018 yilda qabul qilgan tegishli farmoniga muvofiq Qurolli kuchlar soni 1 million kishidan birozgina ko‘proq belgilangani hisobga olinsa, ushbu loyihada gap armiyadan 100 ming harbiyni qisqartirish ustida borayotgani tushuniladi.

Ma'lum qilinishicha, Qurolli kuchlardagi shtat qisqartirishlari jangovar harakatlarni bajaruvchilar hisobiga emas, balki fuqarolik xizmatiga o‘tkazish imkoni bo‘lgan harbiy shifokorlar, yuristlar, moliyachilar, o‘qituvchilar va boshqa maishiy xizmatchilar hisobiga amalga oshiriladi.

Shuningdek, Moliya vazirligi shartnoma asosidagi harbiylarni faqatgina jangovar navbatchilik va dala mashg‘ulotlari vaqtida oziq-ovqat bilan ta'minlashni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik nafaqaga chiqish uchun xizmat muddatini 25 yilga uzaytirish hamda harbiylarning nafaqalarini yillik inflatsiyadan 2 foiz ortiqroq hisoblashni bekor qilmoqchi. Moliyachilar harbiy-ipoteka hisobi ochilishi uchun ham xizmat muddatini 5 yil uzaytirishni taklif qilgan.

Strategik tahlil markazi direktori Igor Nikolayevning fikricha, Qurolli kuchlarda 10 foiz shtat qisqartirilishining deyarli ta'siri bilinmaydi, chunki ko‘plab rahbarlar inqirozli vaziyatlar uchun taxminan shuncha miqdordagi bo‘sh joylarni ushlab turishadi.

Lekin, harbiy ekspert Vladislav Shuriginning bildirishicha, harbiylarga kunlik sarflanayotgan pullar xarajatlarning asosiy qismini tashkil qilmadi: «Armiyada o‘rtacha oylik ish haqi 40-50 ming rubl [600 AQSh dollari] atrofida. Agar uni 100 ming kishiga ko‘paytirsak iqtisodiyotga yiliga 5 milliard rubl foyda keltiradi. Bu qisqartirish esa armiyaning jangovar tayyorgarligiga salbiy ta'sir qilishi mumkin», –deydi Shurigin.

Rossiya Moliya vazirligi, shuningdek avvalgi haftada Ichki ishlar vazirligi tizimida ham xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritgan. «Kommersant'» nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, hozirda Rossiya ichki ishlar vazirligi moliyachilarga o‘zining raddiyasini tayyorlamoqda.

Top